Ayni damda Qoraqalpog‘iston Respublikasida «Orol turizmi» xalqaro haftaligi doirasida «Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari» xalqaro konferensiyasi boshlandi. Konferensiyada Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Bosh prokuratura, Turizm qo‘mitasi vakillari, shuningdek, ekologiyaga oid institutlar, ta’lim muassasalari mutaxassislari, xorijlik ekspertlar va boshqalar ishtirok etmoqda.
Konferensiya ochilishida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning tabrigini vazirlik bo‘lim boshlig‘i Zarrina Abdullayeva o‘qib eshittirdi.
«So‘nggi yillarda davlat rahbari tashabbusi bilan Orolbo‘yi hududida bir qancha ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Orol dengizining qurib qolgan qismida ekotizimni yaxshilash, mavjud bioxilmaxillikni saqlab qolish, ilmiy taqiqotlar va innovasiyalarning ilg‘or tajribalarini joriy etish, ekologik fojia oqibatlarini yumshatish hamda bartaraf etish uchun tizimli innovasion yondashuvlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bugunning kechiktirib bo‘lmas vazifalaridan hisoblanadi. O‘ylaymanki, konferensiya natijalari Orol dengizi muammolari va ularni ilmiy asosda o‘rganish o‘zining ijobiy natijasini berib, kelajak avlod uchun muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zgarishlar uchun omil bo‘ladi», – deyiladi tabrikda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov esa hududda «yashil qoplamalar» — himoya o‘rmonzorlarini barpo etish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi.
«2018 yilning dekabr oyidan boshlab Orol dengizining suvi qurigan tubida cho‘l o‘simliklari urug‘lari va nihollarini ekish ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, o‘tgan 2018–2024 yillarda jami 1,8 mln gektardan ortiq maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan iborat yangi o‘rmonzorlar barpo etildi hamda ushbu ishlarni amalga oshirishda 7 ming tonnadan ortiq cho‘l o‘simliklari urug‘lari ekildi», — dedi u.
Shuningdek, Bosh prokuror o‘rinbosari Sherzod To‘xtaboyev sohaga oid huquqbuzarliklarni bartaraf etish borasida Ekologiya vazirligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda samarali ishlar olib borilayotganini qayd etdi.
«Daraxtlar kesilishiga e’lon qilingan moratoriy ijrosini ta’minlashga qaratilgan targ‘ibot va nazorat tadbirlari natijasida bunday qilmishlar soni 2024 yilda 2022 yilga nisbatan 3 baravarga kamaydi, — dedi Sherzod To‘xtaboyev. — Shuningdek, hayvonot va o‘simliklar dunyosini muhofaza qilish borasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat tadbirlari keskin kuchaytirilib, natijada brakonerlik holatlarini aniqlash ikki barobarga oshdi».
Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Niyazov konferensiya davomida ekologik muammolarni hal qilishda yoshlar katta kuch ekanligini aytib o‘tdi.
“Biz, shubhasiz, yosh avlodga katta umid bog‘laymiz. Ular nafaqat bilimli va faol, balki innovasion yondashuvlarga ega. «Ezgu niyat elchilari» orasidagi yoshlarimiz – mintaqaning ertangi yetakchilari, — dedi u. — Orol fojiasi bugun biz uchun nafaqat imtihon, shu bilan birga birlashish uchun ham imkoniyatdir”.
Konferensiyada mutaxassislar tomonidan Orolbo‘yida daraxtzorlarni ko‘paytirish, sho‘rlanishni kamaytirish, cho‘llanishning oldini olish, hudud aholisining turmush tarzini yaxshilash, bu borada ta’limni kuchaytirish va malakali kadrlar tayyorlash, iqlim o‘zgarishi masalalari kabi dolzarb ekologik loyihalarga e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumot uchun, haftalik doirasida ekologik va turizm madaniyatini yanada oshirish maqsadida qator tadbirlar rejalashtirilgan. Xususan, Xo‘jayli tumanida joylashgan qadimiy Mizdaxkon kompleksi, Savitskiy nomidagi davlat san’at hamda tarix muzeylari hamda «Qoraqalpoq etno aul» turizm markaziga ekskursiyalar uyushtirildi.
Shuningdek, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish aksiyasi, «10 ming qadam» jamoatchilik loyihasi (piyoda yurish marafoni), «Orol baliqlaridan 99 turdagi taomlar» xalqaro gastronomik festivali, talabalar o‘rtasida badminton sport turi bo‘yicha musobaqa hamda «Open-air» konsert dasturi tashkil etiladi.