2024 yilning 29 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun imzolandi. Unga ko‘ra, bir qator qonunlarga O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi o‘simliklar hamda yovvoyi hayvonlar turlarini tabiiy muhitdan ajratib olishni cheklashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Yangi qonun bilan 1992 yil 9 dekabrdagi «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonunga, 1994 yil 22 sentyabrdagi O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, 1997 yil 26 dekabrdagi «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunga, 1997 yil 26 dekabrdagi «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunga, 2004 yil 3 dekabrdagi «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida»gi Qonunga, 2020 yil 8 iyuldagi «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonun quyidagicha o‘zgartirildi:
17-modda:
— Kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simlik turlarini saqlab qolish va muhofaza qilish uchun ularning o‘sish muhiti bo‘lgan joylarda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etilishi mumkin.
31-modda esa quyidagi mazmundagi ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldirildi:
— Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklar turlaridan ushbu turdagi o‘simliklarni saqlash, muhofaza qilish, takror ko‘paytirish va tiklash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish maqsadida ularni tabiiy muhitdan ajratib olgan holda foydalanilishi mumkin. Bu o‘simliklar turlarining urug‘lari, ko‘chatlari hamda nihollari pitomniklarda va plantasiyalarda yetishtirilib, tabiiy muhitga ekilganidan keyin uch yil o‘tmasdan avval ularning urug‘larini yig‘ish yoki hosilini olish taqiqlanadi.
— Qizil kitobdagi kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi o‘simliklarning ayrim turlarini va ularning qismlarini tabiiy muhitdan ajratib olishga doir ruxsatnomalarni berish cheklanishi mumkin. Ushbu cheklovlarning asoslari, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning turlari hamda ularning qismlari, cheklovlarning amal qilish muddati Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olingan holda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan kiritiladigan takliflar asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qonunning 37-modda uchinchi qismi esa quyidagicha o‘zgartirildi:
— Tabiiy omillar yoki o‘simliklar zararkunandalari, kasalliklari ta’sirida zararlangan, quriyotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, insonning hayoti va sog‘lig‘i, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligiga tahdid solayotgan davlat o‘rmon fondi tarkibiga kirmaydigan daraxtlar hamda butalarni kesish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida haq to‘lanmasdan amalga oshiriladi.
Ushbu qonunning 42-moddasi matni quyidagicha tahrir qilindi:
— Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni boshqa joylarga ko‘chirishga, shuningdek, ularni duragaylashga belgilangan tartibda Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olingan holda Ekologiya vazirligining qaroriga ko‘ra ilmiy hamda xo‘jalik maqsadlarida yo‘l qo‘yiladi.
Ushbu Qonun ekologiya sohasidagi davlat boshqaruvining samarali tashkil etilishini ta’minlashga, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklar hamda yovvoyi hayvonlar turlarining soni ko‘paytirilishiga, ularning o‘sish va yashash muhiti sharoitlari yaxshilanishiga, shuningdek kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida huquqni qo‘llash amaliyotining bir xilligi ta’minlanishiga xizmat qiladi.
«Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonun quyidagicha o‘zgartirildi va tahrir qilindi:
19-moddaning birinchi qismi:
— Kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlar turlarini maxsus yaratilgan sharoitlarda ko‘paytirish va keyinchalik tabiiy yashash muhitiga qo‘yib yuborish maqsadida; ilmiy va nazorat ishlarini amalga oshirish uchun; qonunchilikka muvofiq alohida zarur bo‘lgan hollarda tabiiy yashash muhitidan ajratib olishga Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olgan holda va Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Ekologiya vazirligi tomonidan beriladigan ruxsatnoma bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi.
19-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirildi:
— Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlarning ayrim turlarini tabiiy yashash muhitidan ajratib olishga doir ruxsatnomalarni berish cheklanishi mumkin. Cheklov asoslari, hayvonlarning turlari, cheklovlarning amal qilish muddati Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olingan holda Ekologiya vazirligi tomonidan kiritiladigan takliflar asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi
29-moddaning to‘rtinchi qismi quyidagicha tahrir qilindi:
— Hayvonot dunyosi ob’ektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma yovvoyi hayvonlarni tutishga doir tasdiqlangan kvotalar doirasida Ekologiya vazirligi tomonidan beriladi. Kvotalar hayvonot dunyosi ob’ektlarini davlat tomonidan hisobga olish va ulardan foydalanish hajmlarini hisobga olish ma’lumotlari, Fanlar akademiyasining xulosasi asosida Ekologiya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Pitomniklarda, hovuz xo‘jaliklarida yetishtirilgan va ularning hududidagi yovvoyi hayvonlarni tutish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
«Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunning 32-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari quyidagicha tahrir qilindi:
— Ovchilik xo‘jaligini yuritish huquqi yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnoma, agar ov qilish joylari o‘rmon fondi yerlarida joylashgan bo‘lsa, Ekologiya vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi bilan yoki, agar ov qilish joylari o‘rmon fondi tarkibiga kirmaydigan yerlarda joylashgan bo‘lsa, Ekologiya vazirligi bilan imzolangan kundan e’tiboran yuzaga keladi.
— Ovchilik xo‘jaligini ovchilar jamoat birlashmalari tomonidan yuritish texnik-iqtisodiy asosnoma hamda, agar ov qilish joylari davlat o‘rmon fondi uchastkalarida joylashgan bo‘lsa, Ekologiya vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi bilan yoki, agar ov qilish joylari davlat o‘rmon fondi tarkibiga kirmaydigan uchastkalarda joylashgan bo‘lsa, Ekologiya vazirligi bilan tuzilgan ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, Qonunga yana quyidagi o‘zgartirishlar kiritildi:
— Tabiiy, texnogen va antropogen omillardan zarar ko‘rgan hayvonlarni reabilitasiya qilish hamda keyinchalik tabiatga chiqarib yuborish maqsadida tabiiy muhitdan majburiy tarzda ajratib olish Ekologiya vazirligi bilan maxsus kelishuvga ko‘ra ularni tutganlik uchun haq to‘lamagan holda amalga oshiriladi.
— Pitomniklarda yetishtirilgan, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan (uchinchi va keyingi avlod) hayvonlardan ovchi yovvoyi qushlarning mashqini o‘tkazish uchun yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnoma mavjud bo‘lgan taqdirda foydalanishga yo‘l qo‘yilib, bundan avval Ekologiya vazirligiga foydalaniladigan hayvonning soni va turlari, mashq o‘tkazish joyi va muddati to‘g‘risidagi ma’lumotlar, halqalar, mikrochiplar identifikasiya raqamlarining hamda boshqa identifikasiya belgilarining ro‘yxati taqdim etiladi.
— O‘rmon, qishloq va ovchilik xo‘jaliklari zararkunandalarining, inson va hayvonlar xavfli kasalliklarini tarqatuvchilarning ro‘yxati Fanlar akademiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, ovchilar jamoat birlashmalari bilan kelishilgan holda Ekologiya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.