Savdoning ishi qiziq-da! Nuqul ibodat mahalida do‘konni odam bosadi. Eng qiziq tomoni shundaki, chiqib keta olmay qolasiz. Ba’zida savdo bilan andarmon bo‘lib bazo‘r ulgurib qolaman. Masjidimiz bozordan uncha uzoq emas. Taxminan bir chaqirimcha chiqadi. Do‘kondan chiqib qadamimni tezlatgancha masjid tomon shoshildim. Axir bugun miskinlarning haj kuni hisoblanmish muborak juma ayomi edi. Yo‘llarda piyodalar gavjum, yosh-yalanglar xuddi men kabi masjid eshiklari sari oqib kelayotgandi. Men atrofimdagi tumonat odamlar oqimiga qo‘shilib olib masjid sari ketarkanman, qalbimda qandaydir g‘urur hissini tuyaman. Qancha shoshilmay, jamoat allaqachon xonaqohga sig‘may masjid tashqarisiga chiqib ketgan, yo‘llar to‘silib asfalt yo‘llarga odamlar joynamoz to‘shab olishibdi.
Bizning masjid shaharning eng gavjum ko‘chalaridan birida joylashgan bo‘lib, shundoqqina katta asfalt yo‘lning yoqasida edi. Men ham asta asfalt yo‘lning bir chekkasiga cho‘kkaladim. Ko‘zlarim bilan o‘tirishga joy qidirardim. Qish bo‘lsa ham mayli edi, ustimdagi kiyimni shundoq yerga yozib, olamlarninig egasi bo‘lgan zotga sajdaga bosh qo‘yar edim. Hozir yozning chillasi. «E, mayli, bir yo‘lini qilarman», — deya sekin atrofga qaradim. Mashina yo‘lining u boshidan bir odam yelkasida yuk oraqalab kelayotgandi. Ko‘rinishidan darrov tanidim, bu — o‘zimizning Dimamizku. Sekin jilmaydim. Dima masjiddan sal narida joylashgan axlatxona oldidagi kulbada yashar, uning ishi shu axlatlarni saranjonlab ularni joy-joyiga o‘tkazish edi. Dima shu yo‘l bilan tirikchilik qilardi. U deyarli ruscha gapirmas, ravon o‘zbek tilida gaplashar, namozxonlarga salom berib, ularni qattiq hurmat qilardi. Uning yoshini ham, qayerdan kelganini ham hech kim bilmas, qiziqmas, u hammamiz uchun shunchaki DIMA edi tamom. U o‘zining boshqa hamkasblaridan keskin farq qilardi. Doim ozoda yurar, soch-soqoli qirtishlangan, oyoq kiyimi ham doim yaltirab turardi. Biz unga qarab zavqimiz kelar, hazillashib «olifta» deb qo‘yardik. U esa nuqul iljayar, hech ham jahli chiqqanini ko‘rmagan edik. Dima kunora masjidning tahoratxonasini tozalab chiqib ketar ekan. Buni bir tanishimdan eshitib hayron bo‘lgandim. Eng qizig‘i, u Masjiddagi namozxonlarning hammasini deyarli taniydi, hammani ismini aytib so‘rashib ham qo‘yadi. O‘zbek xalqida bir odat bor. Kim bizninig tilimizni va dinimizni hurmat qilsa, biz uchun u qardoshdek gap. U ikkalasini ham hurmatini joyiga qo‘yib qo‘yardi. Shunga yarasha bizning tanti odamlar uni «o‘zimizning Dimamiz» deb atardi...
U hozir ham bashang kiyingan: eskiroq bo‘lsa ham ohori to‘kilmagan jinsi shim, ustida yengi kalta ko‘ylak, oyoqlarida krassovka. Xuddi amerikaliklardek (uning usti-boshini bozordagi ayrim birodarlarimiz qilib berishardi). U asfalt yo‘lda o‘tirgan olomonning oldiga keldida, yelkasidagi yukni tushirdi. Qarasam yelkasida banan mevasining maxsus korobkalarini yig‘ib kelayotgan ekan. U biroz bizga qarab turdida, shartta karobkalarni ikkiga bo‘lib odamalarga ulasha boshladi. Joynamoz uchun hozir bundan qulayini topishni sira iloji yo‘q edi. U bir zumda ancha-munchamizni «joynamoz»lik qildi. Shu payt azon ovozi eshitildi. Hamma tik turganlar ham bir zumda o‘tirib oldi. Butun olomon sukunatga cho‘mdi. Qarasam, Dima xam cho‘kkalab o‘tirib olibdi. Masjidga o‘rnatilgan karnaylardan qalblarni titratuvchi azon tovushi taralayotgandi. Shu payt sekin boshimni ko‘tarib yig‘ilgan jamoatga qaradim. Va o‘yga tolgancha jilmaydim! Bilasizmi, Islomning nimasi buyuk? Chunki u boyga ham kambag‘alga ham, yoshu-qariga ham, hamma-hamma uchun bir! Olloh ularning qalblariga qaraydi...
Yoqimli azon yangrab o‘tgach, jamoat bir lahzada oyoqqa qalqidi-da, minglab erkaklar bir zumda bir-birlari bilan yelkama-elka turgancha, Olloh oldida bosh egishdi. Shu holida ular saflangan sherlarday salobatli edilar. Shu payt oldimda turgan Dima ham kulbasiga chopib ketdi. Uni bittayu bitta kamchiligi ham shunda edi. Namoz o‘qimas, islomni qabul qilishlarini taklif etsa, «o‘ylab ko‘ryapman», — deya javob berardi. Lekin hech kim uning javoblaridan undan xafa bo‘lmasdi...
Namozni o‘qib, o‘sha kuni odamlar oqimida ishxonaga qaytarkanman, hammaning og‘izda bir gap: keyingi juma Muborak Ramazonning birinchi kuni bo‘larkan, deya bir-birlariga mujda berib qo‘yishardi. Men ham havoning issiqligini o‘ylab biroz ko‘nglim hijil bo‘ldiyu, «Olloh o‘zi sabr beradi!», — deya xayolimdagi fikrni quvdim...
Keyingi juma ishxonaga ro‘zador bo‘lib keldim. Do‘konimda o‘tirsam, birodarim Mo‘min shoshilib kelib qoldi (u doim men o‘zim uchun o‘rnak qilib olgan musulmon yigit edi).
— Yuring, birodar, bir birodarimiz omonatini topshiribdi.
Muborak oyning ilk kunida, yana juma kuni omonatini topshirgan odam kim ekan deya sekin o‘rnimdan turdim. Birga masjidga yaqinlashganimizda odamlar xonaqoh atrofida yerga gilam to‘shayotgandi. Sal uzoqroqda, Dimaning kulbasi yonida esa tumonat odam to‘plangandi. Mo‘min “yuring”, deya qo‘limdan ushlab o‘sha tomonga boshladi. Men nima bo‘layotganini tushunmay unga ergashdim. Kulbaga yaqinlashganimizda ichkaridan erkaklarninig yig‘lab chiqayotganini ko‘rib g‘alati bo‘lib ketdim. Mahalladagilar uni yuvib kafanlab qo‘yishgan, janozaga olib chiqishga tayyorlanishayotgandi. Men Mo‘minga qarab «qanday qilib? Ahir u Islomni qabul qilmagan ediku», — deya ulgurmasdan, u qo‘lini labiga qo‘yib yuring deya ishora qildi. Odamlarning orasini yorib o‘tib, kulbaninig ochiq oynasidan ichkariga qaradim. Unda oq kafanga o‘ralgan o‘zimizning qadrdon Dimamiz yotar, xonada esa... Hayratdan oyoqlarim qaltirab ketdi. Xonaning qibla tomondagi devorida Ka’baning eskiroq rasmi ilingan edi. Torgina xonada juda tartib bilan joylashtirilgan buyumlarar orasida joynamoz va tasbeh tokchaning ustida shundoq ko‘rinib turardi. Men hali to‘la anglab ulgurmasimdan Mo‘min yig‘lab yubordi. “Birdorimizni berib qo‘ydik”, deya sekin kulbadan uzoqlashdi... Tushunib-tushunmay unga ergashdim, u meni oldimga keldida, ko‘z yoshlarini artib bo‘g‘iq ovozda:
— Kecha islomni qabul qilgan ekan, ertalab masjidda saharlik qilib, bomdodni o‘qib uyiga ketgan ekan.
Uyog‘iga gapira olmay qoldi...
Masjidimiz imomi bomdodda uni masjidda kalimai shahodat keltirganini ko‘rgan uchta guvoh bilan borib cherkovdan kelganlarni ortiga qaytarib yuboribdi... To‘g‘risi, oyoqlarim qaltirab ketdi. Shu paytda shu odamning o‘rnida bo‘lish uchn xoh ishoning, xoh ishonmang, borimni berishga tayyor edim. Sekin Mo‘minning ortidan masjidga ergashib kirdim...
O‘sha juma masjidda tumonat odam yig‘ildi. Bu xabarni eshitgan musulmonlar birodarlarini oxirgi yo‘lga kuzatishga oqib kelishardi...
— Mayitning agar qarzlari bo‘lsa, men bo‘ynimga oldim, — deya imomimiz janozani o‘qidi.
So‘ng yashil tobut jamoat tomondan so‘nggi yo‘lga chiqdi. Ro‘za og‘iz, juma kuni safimizdan ketgan birodarimizni tobuti qo‘llar uzra osmonda uchib borardi...
Yahyoxo‘ja ULUG‘XO‘JAYEV