Bugun 5 aprel, 2026 yil, yakshanba

КИР

Qashqadaryo o‘tovi Everest cho‘qqisi yo‘liga o‘rnatilishi mumkin

A A A
Qashqadaryo o‘tovi Everest cho‘qqisi yo‘liga o‘rnatilishi mumkin

Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassisi Asror Allayarov Katmanduda Nepal davlat san’at, turizm va fuqarolik aviasiyasi vazirligi tarkibidagi turizm boshqarmasi mas’ullari bilan muzokaralar o‘tkazmoqda. Bu haqda u «Nasafnews»ga xabar qildi.

Muzokaralarda Katmandu hamda Qarshi shaharlari o‘rtasida turizm sohasida uzoq yillik hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi. Jumladan, ikki shaharga keluvchi xorijlik sayyohlar sonini oshirish, rasmiy web-saytlar orqali ma’lumotlar almashish, xalqaro festivallarda ishtirok etish, sertifikatlangan o‘quv kurslari tashkil qilish, xodimlar malakasini oshirish, ikki shahar universitetlarida ma’ruzalar tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolab, yaqin 5 yillikdagi rejalarni belgilab olishga qaror qilindi.

-Qashqadaryo viloyatining turistik salohiyati bo‘yicha ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldik,-deydi Turizm boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Bimal Kadel. -Meni ayniqsa, bu hududda bir vaqtning o‘zida to‘rt faslni ko‘rish mumkinligi qiziqtirib qo‘ydi. Umid qilamanki, Qarshi va Katmandu shaharlari o‘rtasida keng qamrovli turistik loyihalarni ishlab chiqamiz.

Shuningdek, mamlakatdagi dunyoning eng baland nuqtasi hisoblanmish Everest cho‘qqisiga olib boruvchi yo‘lda O‘zbekiston bayrog‘i tushirilgan, «O‘zbekiston» so‘zi yozilgan Qashqadaryoning an’anaviy o‘tovlaridan biri o‘rnatilishi bo‘yicha ham kelishib olindi.

Bundan ko‘zlangan maqsad dunyoning turli go‘shalaridan kelayotgan sayyohlarga yurtimiz madaniy meros namunalarini xorijda ham targ‘ib etish va tanishtirishdir.

 

Kiritildi: 08:00 27.12.2019. O'qildi: 1973 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!