Ijtimoiy tarmoqlarda “Moskva-Qarshi-Moskva” yo‘nalishi bo‘yicha parvozning kechikkani sabab yo‘lovchilar bir yarim soatdan ortiq vaqt davomida samolyotdan chiqmay kutishga majbur bo‘lgani, aviasalon issqiligidan ayrim yigitlar ustki kiyimlarini yechib olgani aks etgan video tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, aviaparvoz Rossiyaning Royal Flight aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan. Yo‘lovchilar bortga chiqarilgandan keyin samolyot dvigatellari ishlamay qolgan. Bunga esa havo haroratining 44 darajadan yuqori bo‘lishi sabab bo‘lgani ta’kidlanmoqda.
Uzoq muddatli kutishdan so‘ng, reysni tungi vaqtda amalga oshirish qarori qabul qilinib, yo‘lovchilar bortni tark etishgan.
Samolyot bugun, 6 iyun kuni soat 04:54 da Moskvaga uchgan. Aslida esa reys 5 iyun kuni soat 15:30 da jo‘nashi rejalashtirilgan edi.