Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Qamaldagi “Ozodlik” yoxud “Marmarobod” rostdan bankrot bo‘ldimi?

Qamaldagi “Ozodlik”  yoxud “Marmarobod” rostdan bankrot bo‘ldimi?

Aytilgan gap – otilgan o‘q. Yolg‘onmi yoki rostmi, u nishonga borib tegadi. “Ozodlik”ning ish tutimi ham aynan mana shu maqsad, ya’ni nishonga urish prinsipiga asoslanganligi ayon. Yo‘qsa, o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmay turib, necha ming kilometr narida o‘tirganlaricha bo‘lmaganni bo‘ldi deyishmasdi. Yolg‘on axborot tarqatish orqali fuqarolarning davlat va jamiyatga bo‘lgan ishonchini susaytirish, hamkor va hammaslak davlatlarning qarashlariga ta’sir etish bosh maqsadga aylangan bir paytda jurnalist deganlari ham vijdonidan kechib yuborishi bor gap ekan.

Keling, avvalidan boshlaylik. Kuni kecha “Ozodlik”ning telegramm kanalida “Ko‘zbo‘yamachilikning dodasi...” nomli maqola e’lon qilindi. Unda Navoiy viloyatining Qozg‘on shaharchasidagi “Marmarobod” davlat unitar korxonasi haqida gap boradi.

Maqola shunday boshlanadi: “Mirziyoyev uchun yana bitta shou: Prezidentga 1500 ish o‘rni yaratiladi deb topshirilgan korxonada 26 odam ishlayapti. Prezidentga "bir yarim mingga yaqin ish o‘rni" yaratadigan loyiha sifatida taqdim etilgan davlat korxonasi ishchilari soni bugun 20 nafarga ham yetmaydi”."Marmarobod" davlat unitar korxonasining ayrim sobiq va joriy ishchilari “Ozodlik”ka shunday xabar yuborgan emish.

Aslida ham shundaymi? Yo‘q, albatta. Davlatimiz rahbari joriy yilning 12-13 mart kunlari Navoiy viloyatiga amalga oshirgan tashrifini dastlab Nurota tumanidagi G‘ozg‘on hududidan boshlagan edi.Prezidentga hududda joylashgan “Marmarobod” davlat unitar korxonasida o‘tkazilgan taqdimotda birinchi bosqichda umumiy qiymati 10 milliard so‘m bo‘lgan 20 ming metr kub granit toshni qazib olish va 24 ming metr kv. granit toshni qayta ishlash loyihasi namoyish etilgandi. Mazkur loyiha doirasida ayni paytda korxona sexida 26 nafar, kar’erida esa 8 nafar, jami 34 nafar xodim doimiy ish bilan band.

“Korxonadagi vaziyatdan bevosita xabardor g‘ozg‘onliklarga ko‘ra¸ prezident kelishi arafasida olib kelingan texnika va jihozlar prezident ketishi bilan g‘oyib bo‘lgan va hozirda bu korxona texnika yo‘qligi bois ishchilari sonini qisqartirishga majbur bo‘lgan”, deya davom etadi “Ozodlik”.

— Bu gap ochiqchasiga bo‘hton, — deydi “Marmarobod” unitar korxonasi ish yurituvchisi Maqsud Namozov. — Texnikalarimiz hech qayerga g‘oyib bo‘lgani yo‘q.Xitoy Xalq Respublikasining Siamen shahridagi “XIAMEN EASTERN PEGASUS LTD“ kompaniyasi bilan imzolangan shartnomaga asosan655,5 ming dollarlik texnologiya olib kelganmiz. Prezidentimiz tashriflari chog‘ida karyerda ishlatiladigan texnikalarni ham namoyish uchun korxona hududiga keltirib qo‘ygan edik. Tashrifdan so‘ng ularni karyerga qaytib olib ketdik. Qolgan texnikalarimizning barchasi shu yerda, ko‘rganingizdek ishlab turibdi.

Maqsud Namozov bizga texnikalarning Xitoydan keltirilganligini isbotlash uchun bojxonada rasmiylashtirilgan hujjatlarni ko‘rsatdi. Ularda har bir texnikaning narxi va rusumiga, ishlab chiqaruvchi va sotib oluvchiga oid barcha ma’lumotlar keltirib o‘tilgan. Xo‘sh, “Ozodlik” bu hujjatlarni ko‘rmay turib, “korxonadagi vaziyatdan bevosita xabardor g‘ozg‘onliklarga ko‘ra” xulosa chiqarishi jurnalistikaning qaysi me’yorlariga to‘g‘ri keladi?!

Prezident kelishiga yangi texnikalar olib kelindi¸ ish boshlandi¸ prezident ketishi bilan korxona bankrotga uchradi. Ishchilarga oylik vaqtida berilmaganidan keyin ular o‘tgan oy bir kun ishga chiqmadi – ish tashlashdi. Amallab pul topib berishdi. Lekin ancha odam ishdan ketdi¸ oyli kjuda kam¸ shuniyam vaqtida bermayapti” deya davom etadi “Ozodlik” ismi ochiqlanishini istamagan korxona ishchilaridan birining gaplariga asoslanib.

Qiziq, qoqilsang ham marmartoshga qoqilib yiqiladigan hududda davlat rahbarining nazoratida bo‘lgan shunday yirik loyiha bankrot bo‘lishi mumkinmi?! Axir G‘ozg‘on marmarining dovrug‘i butun dunyoga ketgan-ku! Oylik maosh vaqtida berilmasligi haqidagi vajlar ham aslida uydirma ekanligini korxona ishchilaridan biri Oybek Zokirok suhbatimiz jarayonida tasdiqladi: 

— Uch oydan beri shu korxonada ishlayapman. Biror marta ish to‘xtab qolgani yo‘q. Oylik maoshlarimizni ham o‘z vaqtida olayapmiz. Masalan, o‘tgan oyda 1 million 450 ming maosh oldim. Undan oldingi oyda esa 1 million so‘m maosh chiqqandi. Ishimiz kun sayin rivojlanib borayapti. Texnikalar olib chiqib ketildi degan gapochiqchasiga tuhmat, barcha texnikalarimiz ishlayapti.

Endi “Ozodlik” asosiy e’tiborini qaratgan 1500 kishilik ish o‘rni xususida ham biroz to‘xtalib o‘tsak.

“Marmarobod” davlat unitar korxonasida hozircha birinchi bosqich ishga tushgan. Davlatimiz rahbariga bir vaqtning o‘zida mazkur loyihaning ikkinchi bosqichi ham taqdim etilgan edi. 2020 yil 4-chorakda ishga tushirilishi rejalashtirilgan ikkinchi bosqichda esa 1500 ta ish o‘rni yaratilishi belgilangan. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 50 million dollarni tashkil etib, u faoliyat boshlashi munosabati bilan 500 ming metr kub toshni qazib olish, 3 million metr kv. toshni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi.

Bu haqida korxona direktor o‘rinbosari Komil Saidov shunday deydi:

— G‘ozg‘on shahri eng yirik marmar zaxirasi mavjud bo‘lgan va uni qayta ishlovchi hududdir. Shaharda eng zamonaviy texnologiyalar asosida marmar va granit toshlariga ishlov berishga ixtisoslashgan ko‘plab korxonalar bunyod etilmoqda. Endilikda bu hududda pardozbop marmar va granit plitkalari ishlab chiqarishning klaster uslubi joriy qilinayapti. Har qanday yirik loyiha bosqichlardan iborat bo‘ladi. Korxonamizning ikkinchi bosqichi 2020 yilning so‘nggiga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Qo‘shimcha quvvatlarning barchasi ishga tushirilgach, bu yerda 1200-1500 nafar ishchi-xodimlar faoliyat olib boradi.

Aslida, vijdonli jurnalist ko‘zi bilan ko‘rganini boricha yozadi, telefon orqali eshitganini emas!

G‘ozg‘on hududida hozirda121 ta sanoat korxonalari, 175 ta kichik biznes sub’ektlari mavjud. 2018 yilda mahalliy investorlar tomonidan 4 ta loyiha asosida marmar toshlarni qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda hududda marmar qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha sanoat korxonalarini yanada kengaytirish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Qolaversa, 2019 yilning 3 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan “Navoiy viloyati Nurota tumani G‘ozg‘on sha-harchasini G‘ozg‘on shahri etib o‘zgartirish, G‘ozg‘on shahrini viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish hamda Navoiy viloyati Nurota tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”giqaror qabul qilindi. Demak, hudud yaqin kelajakda butunlay yangicha qiyofa kasb etadi. Alloh toshdan nasiba bergan zaminda ishsiz fuqaroning o‘zi qolmaydi.

Aslida qafasda o‘tirgan to‘tiqush ham nima aytsang o‘shani takrorlaydi. Qamaldagi “Ozodlik” ham shunday gap. Uni qamal qilganlarning maqsadi esa hech qachon ijobiy bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: yuqoridagi kabi yolg‘onlari bilan “Ozodlik” nimaga erishmoqchi? Buni har kim o‘zicha fikrlab, xulosa qilib olaqolsin. Biz esa xulosamizni quyidagicha izohlashni lozim topdik:

Yot kamonga o‘q bo‘lma,

So‘zing bilan do‘q qilma,

Ko‘zlaringni lo‘q qilma,

Qamaldagi “Ozodlik”.

 

Yolg‘oningni to‘qiysan,

Haqiqat deb o‘qiysan,

Faqat go‘ngni cho‘qiysan,

Qamaldagi “Ozodlik”.

Kiritildi: 16:10 25.05.2019. O'qildi: 3417 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!