26-iyun kuni kechqurun Rossiya prezidenti Vladimir Putin xalqqa murojaat qilib, u “Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojin tomonidan uyushtirilgan qurolli isyonga izoh berdi.
Putin bayonotining asosiy tezislari.
Rossiya jamiyati va hokimiyati "konstitusiyaviy tuzumni qo‘llab-quvvatlashda eng yuqori konsolidasiya" ko‘rsatdi. Rossiya Federasiyasi Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, "vatan taqdiri uchun mas’uliyat hammani birlashtirdi".
Qo‘zg‘olon tashkilotchilari ham o‘z xalqiga, ham bu jinoyatga jalb qilinganlarga xiyonat qildilar. "Vagner guruhi jangchilarining aksariyati Rossiyaning vatanparvarlari va uning manfaatlari uchun jasorat bilan kurashganlar".
Putin ularga yo Mudofaa vazirligi saflarida xizmatni davom ettirishni, yoki uyga qaytishni yoki Belarusga borishni taklif qildi.
“Kim xohlasa, Belarusga borishi mumkin. Men bergan va’da bajariladi. Takror aytaman, tanlov sizniki, ammo bu o‘z fojiali xatosini tushungan rossiyalik askarlarning tanlovi bo‘lishiga ishonaman”, — dedi Putin.
Murojaat chog‘ida Rossiya Federasiyasi prezidenti ism-sharifini aytmasdan, isyon tashkilotchilari o‘z vataniga, xalqiga va “jinoyatga tortilganlar”ga xiyonat qilganini ta’kidladi. “Qurolli isyon har qanday holatda ham bostirilgan bo‘lardi. Qo‘zg‘olon tashkilotchilari, adekvatligini yo‘qotgan bo‘lsalar ham, buni tushunolmay qolishdi”, — dedi Putin.
Shuningdek, u Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga vaziyatni tinch yo‘l bilan tartibga solishga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Rossiya Federasiyasi Prezidentining murojaati besh daqiqadan bir oz ko‘proq davom etdi.