Ukraina prezidenti bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytdi.
Vladimir Zelenskiyning boshqa bayonotlari:
◾️ Putin va Tramp Alyaskada nimalar haqida gaplashganini bilmayman. AQSh prezidenti ushbu muloqot tafsilotlarini menga va yevropalik yetakchilarga aytib berishini istayman;
◾️ Eng muhimi, Yevropa biz bilan va biz AQSh bilan birgalikda muloqot qilyapmiz. Muhimi, Qo‘shma Shtatlar ham biz bilan va biz hozirda ertaga Vashingtonda aynan nimalarni muhokama qilishimizni belgilayapmiz;
◾️ Putinning ko‘plab talablari bor, ularning hammasi ham bizga ma’lum emas. Agar ro‘yxat eshitganimizdek juda uzun bo‘lsa, barchasini ko‘rib chiqish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Buni qurol bosimi ostida qilish mumkin emas. Shu sababli o‘t ochishni to‘xtatishga erishish va yakuniy kelishuv ustida tezroq ishlash zarur. Biz bu haqda Vashingtonda gaplashamiz;
◾️ Bizga haqiqiy shakldagi muzokaralar kerak, ular hozirgi front chizig‘ida boshlanishi mumkin. Front chizig‘i — muzokaralarni boshlash uchun eng yaxshi joy, yevropaliklar buni qo‘llab-quvvatlamoqda. Rossiya hanuzgacha Donesk viloyatida muvaffaqiyat qozona olmadi. Putin uni 12 yil davomida egallayolmadi. Ukraina Konstitusiyasi esa mamlakat hududlarini boshqa davlatga topshirish yoki yer bilan savdolashishni taqiqlaydi;
◾️ Bu masalalarni faqat Ukraina, Rossiya va AQSh prezidentlarining uch tomonlama uchrashuvida muhokama qilish mumkin, biroq Moskva hozircha bunday uchrashuvda qatnashishiga ishora bermayapti. Agar Rossiya uch tomonlama uchrashuvni rad etsa, unga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llanilishi kerak;
◾️ Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishda Yevropa bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lishi juda muhim. Biz AQSh prezidenti bu haqda so‘z ochgani uchun undan minnatdormiz. Bu muhim o‘zgarish, ammo bu qanday ishlashini hali bilmaymiz. Bizga xuddi NATO Nizomining 5-moddasi kabi amalda ishlaydigan kafolatlar kerak. Xavfsizlik kafolatlarining bir qismi sifatida Ukraina Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi ham ko‘zda tutilgan.