Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin Rossiya armiyasining tinch ukrainaliklarga o‘q otishini sharhlab, "fuqarolik inshootlariga zarbalar, agar ular Kiyev harbiylari tomonidan Sumi va Odessadagi kabi foydalanilsa, berilmoqda" dedi. U Sumidagi kongress markaziga berilgan zarbani "u yerda Ukraina Qurolli Kuchlari harbiylarini taqdirlashayotgani" bilan izohladi.
"Fuqarolik infratuzilmasi ob’ektlariga zarba bermaslik taklifiga kelsak, buni aniqlashtirish kerak. Masalan, qurolli kuchlarimizning kongress markaziga, chamasi Sumi davlat universitetiga, bergan zarbasi hammaga ma’lum. Bu fuqarolik ob’ektimi yoki yo‘qmi? Fuqarolik.
Biroq u yerda Kursk viloyatida jinoyat sodir etganlar, Ukraina Qurolli Kuchlari bo‘linmalari va millatchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Bular biz jinoyatchi deb hisoblaydigan, chegaradosh hududda, jumladan Kurskda qilgan qilmishlari uchun munosib jazosini olishi kerak bo‘lgan kishilardir. Ular ana shu qasosni oldilar. Bu aynan ularni jazolash uchun qilingan," dedi u.
2025 yil 13 aprel kuni Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Sumi shahri markaziga raketa zarbasini amalga oshirdi. Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida 34 kishi, jumladan ikki nafar bola halok bo‘ldi. Bundan tashqari, 119 kishi jarohat oldi, ularning 15 nafari bolalar edi.