Putin NATO bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri urushni xohlamaydi, u alyansni ichidan yemirishga urinmoqda — Germaniya mudofaa vaziri.
Boris Pistorius Die Zeit nashriga bergan intervyusida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtatish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar hozircha tinchlikka erishishni yaqinlashtirmaganini aytdi.
"Bu urushni darhol tugata oladigan yagona shaxs Vladimir Putin. Amerikaliklar, yevropaliklar va ukrainaliklarning sa’y-harakatlariga qaramay, Moskvadan Putinning urushni tugatishga qiziqayotgani haqida hech qanday signal yo‘q", — deya fikr bildirdi Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari.
Ukraina uchun ehtimoliy xavfsizlik kafolatlari haqidagi savolga javoban Pistorius hozircha faqat taxminiy ssenariylar haqida gap ketayotganini ta’kidladi.
"Putin hatto o‘t ochishni to‘xtatishga ham tayyor emas ekan, tinchlik qanday ta’minlanishi mumkinligi haqidagi savollar hanuz noaniq bo‘lib qolmoqda", — dedi u.
Shu bilan birga, Pistoriusning aytishicha, Yevropa davlatlari “Evropa yetakchiligidagi ko‘p millatli kuchlar” tuzishga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, bu jarayonda Qo‘shma Shtatlarning roli hamon muhim bo‘lib qoladi.
Germaniya mudofaa vaziri NATO va Rossiya o‘rtasida keng miqyosdagi urush ssenariysini ham rad etdi, biroq Kremlning yanada xavfli strategiyasiga e’tibor qaratdi. "Mening fikrimcha, Putin NATO'ga qarshi keng ko‘lamli urushni boshlashni istamaydi. U alyansni ichidan parchalash, birligimizni zaiflashtirishni xohlaydi", — dedi Pistorius.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Moskva NATO'ning reaksiyasini havo hududini buzishdan tortib alyansning sharqiy qanotiga bosim o‘tkazishgacha bo‘lgan usullar orqali muntazam sinab ko‘rmoqda.