Bugun 28 oktyabr, 2024 yil, dushanba

КИР

Putin KXDR bilan yangi kelishuvni yutuq hujjati deb atadi

Putin KXDR bilan yangi kelishuvni yutuq hujjati deb atadi

“TASS” xabar berishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Federasiyasi va KXDR o‘rtasida imzolangan keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni mamlakatlarning o‘zaro hamkorligini yangi bosqichga ko‘tarish imkonini beruvchi hujjat deb atadi.

Putin va KXDR raisi Kim Chen In keng qamrovli strategik sheriklik hamda tibbiyot sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarni, ta’lim va fan hamda ikki davlat chegarasida Tumannaya daryosi orqali avtomobil ko‘prigi qurish bo‘yicha kelishuvni imzoladi.

“TASS” RF yetakchisining Pxenyandagi muzokaralar yakuni bo‘yicha qabul qilingan asosiy bayonotlarni tahlil qildi.

Har tomonlama strategik sheriklik

Ayni yo‘nalishdagi bitim ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni “yangi bosqichga” ko‘tarish va shu bilan to‘xtab qolmaslik imkonini beradi. Hujjatda “uzoq muddatga Rossiya – Koreya aloqalarini chuqurlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifa va yo‘riqnoma” belgilangan. Bu siyosiy, savdo va sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalar, shuningdek, xavfsizlik sohasiga taalluqli. Shartnoma, jumladan, “ishtirokchilardan biriga tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatish”ni ham nazarda tutadi.

Hamkorlikni rivojlantirish

Rossiya imzolangan kelishuv munosabati bilan Koreya Xalq Demokratik Respublikasi bilan harbiy-texnikaviy hamkorlik “rivojlantirilishini istisno etmaydi”.

Mamlakatlar ta’lim sohasidagi munosabatni ham kengaytirmoqda. Hozir KXDRning 130 fuqarosi Rossiyada tahsil olmoqda.

Qishloq xo‘jaligi sohasida va madaniy-gumanitar aloqa izchillik kasb etgan. Putin “O‘rtoq Kim Chen Inning shaxsiy homiyligida KXDRda Mariinskiy teatri Primorye sahnasi balet truppasi gastroli muvaffaqiyatli o‘tdi”, deya ta’kidladi.

Tomonlar turizm sohasida ham ishni yaxshi yo‘lga qo‘ygan. “Yozgi mavsum uchun Koreyaning dengiz bo‘yidagi kurortlarida dam olishga qaratilgan sayyohlik guruhlari tuzilmoqda”. Shuningdek, Koreyaning “Sondoun” bolalar lagerida maxsus harbiy amaliyotda halok bo‘lgan ishtirokchilar farzandlari uchun bayram tashkil qilindi.

– Biz bu samimiy g‘amxo‘rlik va do‘stlik ishorasini yuksak qadrlaymiz, – deya qo‘shimcha qildi RF yetakchisi. – Mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ko‘rsatkichida o‘sish kuzatilayotgan esa-da, natija hamon kamtarona: 2023 yil savdo aylanmasi to‘qqiz barobar oshdi, joriy yil dastlabki besh oyida o‘sish 54 foizni tashkil etdi.

Xalqaro xavfsizlik

Muzokarada xavfsizlik masalasi va xalqaro kun tartibiga alohida e’tibor qaratildi. Rossiya va KXDR “xalqaro huquq va madaniy va sivilizasiya xilma-xilligiga asoslanishi kerak bo‘lgan adolatli va demokratik, ko‘p qutbli dunyo tartibini shakllantirish g‘oyasini izchil himoya qilishi” ta’kidlandi.

Moskva va Pxenyanning harbiy-siyosiy ziddiyatlar kuchayishi asl sabablari xususidagi qarashi bir-biriga mos.

Moskva “xalqaro vaziyat yomonlashuvida Koreya Xalq Demokratik Respublikasini ayblashga urinish”ni rad etadi. Pxenyan o‘z mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, milliy xavfsizlikni ta’minlash va suverenitetni himoya qilish uchun “oqilona chora ko‘rish” huquqiga ega.

Pxenyanda bo‘lib o‘tgan muzokaralar “Rossiya va KXDR o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklikni yanada rivojlantirish, butun mintaqada xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilishi” e’tirof etildi.

Mustaqil siyosat

Rossiya va KXDR “mustaqil tashqi siyosat yuritadi, shantaj va diktatura tilini qabul qilmaydi”. KXDRning Ukrainani tartibga solish mavzusidagi ob’ektiv va muvozanatli pozisiyasi, inqirozning asl sabablarini tushunish Koreya rahbariyati egallagan “haqiqiy mustaqil, suveren kursning yana bir aniq tasdig‘i”.

G‘arb sanksiyasiga qarshi

Moskva va Pxenyan “g‘arb siyosat, iqtisodiyot va boshqa sohalarda o‘z gegemonligini saqlab qolish uchun vosita sifatida foydalanishga odatlangan sanksiyani bo‘g‘ish amaliyotiga qarshi turishda” davom etadi.

Binobarin, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi ham Qo‘shma Shtatlar tomonidan “KXDRga nisbatan joriy etilgan sanksiya tartibi qayta ko‘rib chiqilishi kerak”ligini aytgan.

Kiritildi: 07:34 21.06.2024. O'qildi: 1441 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!