Los Anjelesda komendantlik soati joriy qilindi — shahar Trampning deportasiya va migrasiya siyosatiga qarshi bir haftadan beri to‘xtamayotgan ommaviy norozilik namoyishlarini jilovlay olmayapti. Namoyishlar polisiya va armiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi, Kaliforniya gubernatori esa Tramp ustidan sudga berdi.
Tramp esa 1992 yildan beri ilk bor Kaliforniyaga dengiz piyoda askarlarini yubordi. «Tochka» nashri bu masalada yurist va Amerika bo‘yicha mutaxassis bilan Tramp harakatlarining qonuniyligi va oqibatlarini muhokama qildi.
— Tramp qo‘shin kiritishga haqlimi?
Aleksandra Filippenko, Amerika bo‘yicha mutaxassis: — AQSh qonunchiligida prezident qanday holatlarda Milliy gvardiyani jalb qilishi mumkinligi aniq ko‘rsatilgan — uchta asos bor. Birinchi — xorijiy davlatning bostirib kirishi (bu holatga to‘g‘ri kelmaydi). Ikkinchi — federal hokimiyatga qarshi isyon yoki shunday xavfning mavjudligi. Uchinchi — federal qonunlar ijrosini boshqa vositalar bilan ta’minlash imkoni yo‘qligi.
Tramp ma’muriyati ikkinchi asosga — «federal hokimiyatga qarshi isyon»ga tayanib harakat qilmoqda. Ularga ko‘ra, Kaliforniyada mahalliy aholi noqonuniy migrantlarni qo‘lga olishga to‘sqinlik qilgani aynan shunday isyon sifatida baholanmoqda. Ular buni AQSh qonunlari to‘plamidagi 10-kod (Code 10) asosida rasmiylashtirmoqchi.
Biroq bu talqin nechog‘lik haqqoniy ekani haqida so‘nggi so‘zni sud aytadi. Shu bois Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom va shtat bosh prokurori da’vo arizasi kiritgan. Ularga ko‘ra, bu — isyon emas, balki AQSh Konstitusiyasining birinchi tuzatishida ko‘rsatilgan so‘z erkinligi va tinch norozilik huquqining amaliy ifodasi. Axir odamlar davlatga hujum qilmagan, balki o‘z qarindosh va qo‘shnilarini himoya qilish uchun tinch yo‘l bilan to‘siq qilib turgan.
Kaliforniya rahbariyatining so‘zlariga ko‘ra, shtatda hech qanday begona yurtning bostirib kirishi, isyon yoki hokimiyat bo‘shlig‘i kuzatilmayapti. Demak, federal aralashuv uchun huquqiy asos mavjud emas.
Igor Slabix, yurist: — Hozir masala sudda ko‘rib chiqilyapti. Gubernator Nyusom va bosh prokurorning da’vosida federalizasiya tartibi buzilgani, gubernator xabardor qilinmagani va qaror qabul qilishga jalb etilmagani qayd etilgan. Bu — tartibga zid.
Alohida muammo — dengiz piyoda askarlari bilan bog‘liq. Ular Milliy gvardiyadan farqli o‘laroq, federal harbiy xizmatchilar bo‘lib, AQShda XIX asrdan beri amalda bo‘lgan qonunga ko‘ra, mamlakat ichkarisida fuqarolarga qarshi armiya qo‘llanilishi taqiqlangan. Bundan faqat bir holat mustasno — prezident rasman mamlakatda isyon e’lon qilganda. Ammo, shaxsan mening fikrimcha, Los Anjelesdagi norozilik aksiyalari isyon darajasiga yetmagan. Hatto 2021 yil 6 yanvardagi Kapitoliy bosib olinishi ham ko‘p hollarda rasman isyon deb baholanmagan. Shuning uchun bu vaziyatda ma’muriyatning huquqiy pozisiyasi zaif, deb o‘ylayman. Sud nima deyishini kutamiz.
— Agar sud Tramp vakolatni oshirdi yoki gubernator ayblovini asosli deb topsa, nima bo‘ladi?
Aleksandra Filippenko: — Nazariy jihatdan impichment haqida gapirish mumkin, lekin Kongressda bu uchun yetarli ovoz yo‘q. Boshqa jazo mexanizmlari yo‘q. Agar sud (apellyasiyalardan keyin ham) ma’muriyatga qarshi qaror chiqarsa, Tramp Milliy gvardiyani olib chiqishiga to‘g‘ri keladi. Balki yarashuv sifatida Kaliforniyaga qo‘shimcha federal mablag‘ ajratilishi mumkin.
Bu holda Gevin Nyusom nafaqat siyosiy, balki ehtimoliy Demokratik partiyaning prezidentlik nomzodi sifatida ham yutuqqa erishadi. Uning reytingi ancha oshishi mumkin. Lekin bularning hammasi — sud qaroridan keyin. Agar Tramp sudda yutqazib, qarorga bo‘ysunmasa, unda vaziyat og‘irlashadi — yangi impichment masalasi kun tartibiga chiqishi mumkin. Ammo agar qarorga itoat qilsa, barcha masala sanksiyasiz yakun topadi.
Igor Slabix: — Agar sud qonun buzilgan, deb topsa, bu zudlik bilan oqibat bermaydi. Barcha instansiyalardan o‘tadi, shu jumladan, Oliy suddan ham. Avvalo, vaqtinchalik chora sifatida prezident farmonini to‘xtatib turish haqida qaror chiqarilishi mumkin. Buning o‘zi ham Oliy sudgacha yetishi ehtimoldan xoli emas. Keyin ishning mohiyati bo‘yicha ko‘rib chiqish boshlanadi.
Tasavvur qilaylik, sud federalizasiya qonuniy emas, degan qaror chiqardi va rasmiy taqiq e’lon qildi. Keyin nima bo‘ladi? Bu qaror prezidentdan tashqari, mudofaa vaziri, Adliya vazirligi va Milliy gvardiya rahbariyatiga ham yuboriladi. Hatto prezident qarorni e’tiborsiz qoldirmoqchi bo‘lsa ham, shtat hokimiyati va gvardiya qo‘mondonligi, ehtimol, qarorga amal qiladi. Prezident gubernatorni chetlab buyruq bera olmaydi.
Shuning uchun amalda sud qarorini bajarish mumkin. Agar federal hokimiyat qarshilik qilsa ham, sudning Kaliforniya shtatining o‘z tuzilmalari orqali ta’sir o‘tkazish imkoni bor. Shu sababli bu qarorni chetlab o‘tish juda qiyin bo‘ladi.
— Nega Tramp deportasiyaga shunchalik yopishib olgan? Uning strategiyasi nima?
Aleksandra Filippenko: — May oyida Trampning maslahatchisi Stiven Miller immigrasiya xizmati rahbarlari bilan uchrashuvda prezident deportasiya sur’atidan norozi ekanini aytdi. Tramp o‘zining ilk prezidentlik yilida 1 mln noqonuniy migrantni chiqarib yuborishga va’da bergan edi. Bu faqat eng past baholashlarda 11 mln, o‘z ma’muriyati bayonotiga ko‘ra esa 22 mln noqonuniy migrant yashaydigan mamlakatda.
Kaliforniya — AQShda eng ko‘p migrant yashaydigan shtat, u yerda aholining 27 foizi migrantlardan iborat. Qo‘lga olishlar qandaydir ustuvorliksiz, ya’ni «fonar ostida» — ko‘zga ko‘ringan joylardan boshlangach, qattiq qarshilikka uchradi. Chunki ushbu insonlarning ko‘pchiligi AQShda o‘nlab yillardan beri yashaydi, mehnat qiladi, kasaba uyushmalarida ishtirok etadi, AQSh fuqarosi bo‘lgan farzandlari bor.
Tramp avvalo jinoiy elementlarni deportasiya qilishni va’da qilgan. Ammo amaliyotda qurilish, mehmonxona, restoran xodimlari — ya’ni, jamiyatga integrasiyalashgan kishilar qo‘lga olinmoqda. Kaliforniyada bu faol qarshilikka sabab bo‘ldi — odamlar to‘siqka turib, hibsga olishga xalaqit berishdi.
Igor Slabix: — Tramp saylovlarga ommaviy deportasiyalar shiori bilan kirgan. U AQSh tarixidagi eng yirik deportasiyalarni amalga oshirishini ochiq aytgan. Uning asosiy da’volaridan biri shu ediki, Bayden davrida millionlab noqonuniy migrantlar mamlakatni «bosib oldi» va bunga qarshi kurashish kerak.
Trampning da’volariga ko‘ra, ushbu migrantlar go‘yoki jinoyat sodir etadi, demokratlar esa ataylab jinoyatchilar va ruhiy kasallarni chiqarib yuboryapti. Ular esa AQShga qaytib kiradi. Saylov natijalaridan ko‘rinadiki, bunday ritorika saylovchilarning katta qismiga manzur bo‘ldi — Tramp va Kamala Harris o‘rtasidagi farq bor-yo‘g‘i bir necha foizni tashkil qildi.
Lekin muammo shundaki, amaliy deportasiya va qo‘lga olish ko‘rsatkichlari Tramp davrida ham Baydennikidan farq qilmadi. Shu bois ma’muriyat buni tushuntirishga harakat qilmoqda: go‘yo «boshpana shaharlari» ularga to‘sqinlik qilmoqda. Buni Ichki xavfsizlik vazirligi rahbarlari ham, chegara mas’ullari ham bu to‘sqinlikni takrorlayapti.
Hozirgi reja ochiq: avvalo qo‘lga olishlar sonini oshirish, keyin esa haqiqiy deportasiyalarni ko‘paytirish. Resurs nuqtayi nazaridan — bu rasmiy asoslarsiz emas. Lekin asosiy muammo shundaki: ko‘p holatda deportasiyaga duchor bo‘lganlarga huquqiy himoya va shikoyat qilish imkoni berilmayapti. Bu huquq faollarining asosiy da’vosi.
Trampning strategik maqsadiga kelsak — u signal yuborayapti. Kaliforniya — eng yirik, eng boy va eng «demokratik» shtat. Tramp Milliy gvardiyani aynan shu yerda federalizasiya qilib, shunday demoqda: «Men qo‘rqmayman. Hatto Kaliforniya bilan ham to‘qnashga tayyorman». Ya’ni «men bunday harakatni eng yirik shtatda qilayotgan bo‘lsam, qolganlar bilan nima qilishimni tasavvur qiling», degan mujda.
Natijada, jamiyat yana ikki lagerga bo‘lindi. Tramp tarafdorlari polisiya tartib o‘rnatmoqda, deb hisoblaydi. Tanqidchilar esa huquq-tartibot idoralari vaziyatni o‘zi keskinlashtirganini, tinch norozilik huquqini buzganini aytmoqda. Bu — afsuski, AQShdagi umumiy polyarizasiya tendensiyasining yorqin aksidir.