zbekistonda bir guruh rahbar lavozimli shaxslar xizmat vazifasini suiste’mol qilganlik, poraxo‘rlik va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, qamoqqa olindi. Agar tartibga amal qiladigan bo‘lsak, yaqinda xabarlarimizdan birida tilga olingan «O‘zdonmahsulot» rahbari Surat Haydarov ham o‘sha qo‘lga olinganlar orasida bor. U kuyovi Jamshid Sharipov bilan birgalikda poraxo‘rlik, yashirin yo‘llar bilan pul undirish, xalq mulkini talon-taroj qilishda ayblanmoqda. U qarindoshlarini kompaniyadagi yaxshi pul topsa bo‘ladigan lavozimlarga ishga joylab tashlagan. Poraxo‘rlikning yashirin usullarini o‘ylab topib, shu yo‘l bilan cho‘ntagini qappaytirib kelgan.
Jinoyatchi rahbarlarning yana bir guruhi Samarqandda qo‘lga olindi. Bu guruhni Samarqand viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev boshqargan. Eslatib o‘tamiz, Jo‘rayev 2017 yil iyunidan beri Samarqand viloyat hokimi sifatida faoliyat yuritib kelgan.
U ham poraxo‘rlikning vertikal usullaridan birini o‘ylab topib, shuning natijasida qo‘shimcha boylik orttirib kelgan. Tergov jarayonida Jo‘rayev o‘z aybini inkor etmadi.
Bu jinoyatlarni sodir etishda Samarqand viloyat hokimining sanoat taraqqiyoti, kapital qurilish, kommunikasiyalar va kommunal xo‘jalik ishlari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari O‘tkir Abdullayev, qurilish bo‘yicha yetakchi mutaxassis Bahodir Xo‘jaqulov va hokim yordamchisi Botir Xo‘jaqulovlar ham faol ishtirok etgan.
— Samarqand viloyat hokimiyatida, — deyiladi shu masalada e’lon qilingan xabarlarning birida. — Ko‘p qavatli uylar qurilishi, yer uchastkalarini qurilish qilish maqsadlarida tadbirkorlarga taqsimlanishi va yana bir qator shu kabi amallar katta miqdordagi pora berishsiz haqiqatga aylanmagan. Ya’ni, viloyat hokimi tadbirkorlardan shular evaziga pora olgachgina, ruxsat bergan, arizalarga imzosini qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yili 6 oy ichida jami 867 nafar yuqori lavozimli shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Shularning 56 nafari poraxo‘rlikda ayblangan.