DW nashrining yozishicha, Viktor Orban hokimiyatni yo‘qotgan taqdirda ham ta’sirini saqlab qolish choralarini ko‘rgan edi, u muhim yuqori lavozimlarga o‘ziga sadoqatli shaxslarni tayinlab, ularni keyinchalik ishdan bo‘shatish uchun parlamentda uchdan ikki qism ovoz talab qilinishini belgilab qo‘ygandi. Orban bu bilan ularning hukmronligini mustahkamlash va keyingi hukumat faoliyatini sabotaj qilishni maqsad qilgandi. U faqat bir narsani hisobga olmadi, ya’ni saylovdagi o‘ta ayanchli mag‘lubiyatni.
Natijada, Peter Madyar boshchiligidagi Vengriyaning yangi hukumati "Tisa" partiyasi g‘alabasidan so‘ng davlat institutlarini keng ko‘lamli qayta qurishni boshladi. Uchdan ikki qism ovoz bilan konstitusiyaviy ko‘pchilikka ega bo‘lgan hokimiyat Viktor Orbanning 16 yillik boshqaruvi davomida yaratgan siyosiy tizimini to‘liq demontaj qilishga kirishdi.
Eng muhim qadam konstitusiyaga kiritilgan tuzatishlar bo‘ldi, ular Orban davrida tayinlangan bir qator yuqori martabali amaldorlarning, jumladan, prezident Tamash Shuyok va Konstitusiyaviy sudning bir necha sudyasining iste’foga chiqishini nazarda tutadi.
Tuzatishlar Konstitusiyaviy sudga yo‘qotilgan vakolatlarining bir qismini qaytarib beradi, sud tizimi mustaqilligini kuchaytiradi, o‘zgartirish kiritish uchun malakali ko‘pchilik talab qilinadigan qonunlar sonini qisqartiradi, shuningdek, noqonuniy yo‘l bilan orttirilgan mulkni qaytarish mexanizmini yaratadi. Bundan tashqari, deputatlar uchun cheklov joriy etildi — parlamentda uch muddatdan ortiq ishlash mumkin emas.
"Fides" partiyasi va uning ittifoqchilari o‘zgarishlar "demokratiya va qonun ustuvorligining tugashi"ga olib kelishini da’vo qilib, ovoz berishni boykot qildi.
Biroq Orban tarafdorlarining norozilik namoyishlari kam sonli bo‘lib chiqdi va partiya ichida inqiroz davom etmoqda, parlament fraksiyasi rahbari Gergeli Gulyash o‘z iste’fosini e’lon qildi.
O‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, vengriyalik huquqshunoslar va inson huquqlari faollarining bir qismi o‘zgarishlar tezligi va yangi tuzatishlarning ayrim bandlaridan xavotirda.
Madyarning ta’kidlashicha, hozirgi qarorlar Vengriyaning butunlay yangi konstitusiyasini tayyorlashdan avvalgi o‘tish davri hisoblanadi.