Agar Eron qo‘llab-quvvatlayotgan xusiylar BMTning tinchlik rejasiga rozi bo‘lib, muzokaralar stoliga o‘tirsa, Yamandagi urush eng qisqa muddatlarda yakunlanishi mumkin.
Bu haqda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalisiyasi vakili, general-mayor Turki al-Moliki Reuters agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
«Agar xusiylar Yaman hukumati bilan birgalikda yo‘l xaritasiga amal qilishga qaror qilsa, urush... ertagayoq tugashi mumkin», — dedi u. Shuningdek, diplomatik yo‘l bilan kelishuvga erishish eng maqbul variant bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.
Al-Molikining so‘zlariga ko‘ra, kelishuvga erishilgunga qadar koalisiya Yaman hukumat kuchlariga kecha-yu kunduz havodan yordam berishda davom etadi, xusiylarning harbiy infratuzilmasiga zarbalar beradi va ularning Saudiya Arabistoni shaharlariga hujum qilish imkoniyatlarini cheklaydi.
U, shuningdek, Ar-Riyod xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan Yaman hukumatining vaqtinchalik poytaxti Aden shahri atrofida «qizil chiziq» belgilaganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, koalisiya xusiylar hujumidan shaharni himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘radi. Hozirda ularning kuchlari Adendan taxminan 60 kilometr masofada joylashgan.
Al-Moliki Saudiya Arabistonining Yamanga qo‘shimcha quruqlikdagi qo‘shinlarini yuborish ehtimolini istisno qildi. Uning ta’kidlashicha, Yaman hukumat kuchlari yetarli darajadagi inson va harbiy resurslarga ega. Biroq u Yaman armiyasi harakatlarida muvofiqlashtirish bilan bog‘liq muammolar va taktik xatolar mavjudligini tan oldi.
Koalisiya vakili, shuningdek, Saudiya Arabistonida havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar-tutib qolgichlar yetishmayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
«Biz qurol-yarog‘ sotib olyapmiz. Bu hukumatlararo kelishuv doirasida amalga oshirilmoqda va bizda hech qanday taqchillik yo‘q. Mamlakatimizni himoya qilish imkoniyatiga ega ekanimizni sizga ishontirib aytaman», — dedi u.
Xusiylarning Saudiya Arabistoni ob’ektlariga hujumlariga izoh berar ekan, al-Moliki bu harakatlarni harbiy operasiyalar emas, balki tinch aholi va infratuzilmaga qarshi qaratilgan terrorchilik aktlari deb atadi.