21-23 iyul kunlari jahon madaniyati markazi – Parij shahrida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun ochiq xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi.
Musobaqa Yevropa kurash konfederasiyasi, Fransiya kurash federasiyasi va O‘zbekiston kurash federasiyalari bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. O‘tgan yili Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilgan Parij bu safar kurash yulduzlarini o‘z safiga to‘playdi.
Har yili ananaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan ushbu ochiq xalqaro turnirda erkaklar -90 kg, +90 kg; ayollar esa -70 kg, +70 kg vazn toifalarida o‘zaro bellashadilar. Xalqaro turnir Parij shahrining “Emil Anthoine Stadium” sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilayotgan musobaqaning mukofot jamg‘armasi 30 000 yevroni tashkil qiladi va o‘rinlar miqyosida Xalqaro kurash assosiasiyasi reyting tizimida ball beriladi.