Olma-ota viloyatida yashovchi ayol tez tibbiy yordam shifokorini o‘z qizi yetti yoshli Vasilina Brajnikovaning o‘limida ayblamoqda. Onaning so‘zlariga ko‘ra, shifokor qizga 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga taqiqlangan dorilarni buyurgan, deb xabar beradi tengrinews.kz.
Dori-darmonlarni qabul qilib bo‘lgach, maktab o‘quvchisi komaga tushib qolgan. Ikki kundan keyin u intensiv terapiyada vafot etdi. Bu voqea KTK telekanalining xabarlarida aytilgan. Vasilina katta oilada eng so‘nggi farzand edi. Qizning onasi aytishicha, besh farzandining ichida u eng quvnoq qiz bo‘lgan. Hech qachon sog‘ligidan shikoyat qilmagan. "U butunlay sog‘lom edi, qishda bitta futbolka kiyib olib o‘ynab-kulib yurardi. U egniga bitta koftani ilib, ko‘chadagi hojatxonaga yugurardi", deydi Evgeniya Ignatiyeva.
Ikki oy oldin Vasilina maktabdan kelib, qorin og‘rig‘idan shikoyat qiladi. Ertasi kuni bolaning harorati ko‘tarildi. Ular tez yordam chaqirishgan. Shifokor dori-darmon buyurgan, shu dorilar sababli onaning so‘zlariga ko‘ra, qiz yanada og‘irlashib qolgan va komaga tushgan. "Mana shunday yozilgan: Taylolfen xot, parasetamol va antigrippin. Bunga mutlaqo shifokorlar aybdor. Ayniqsa o‘sha feldsher. Bu dori 13 yoshdan kattalarga beriladi. Bu drajalarda saqlanadigan paratsetamol miqdori bilan bola shunchaki tamom bo‘lgan" - deydi marhuma qizning onasi g‘azablanib.
Qizcha og‘ir ahvolda olib kelingan kasalxonada parasetamol miqdorini haddan tashqari oshirib yuborish tufayli o‘lim sodir bo‘lganligi tasdiqlandi. "Uyda ona davolashni boshlab yuborgan. U bir necha marta parasetamol tabletkasini bergan. Ammo shundan keyin bolaning ahvoli yaxshilanmadi. Shundan so‘ng, ota-ona Burunday qishlog‘idagi kasalxonaga murojaat qilishdi. Biz dastlabki tashxisni qo‘ydik: Rey sindromi. Ko‘p miqdorda parasetamol berilganida ba’zi bolalarda, hatto ayrim katta odamlarda jigar shikastlanishi kuzatiladi. Jigar hujayralari parchalanadi va ular barcha toksinlarni chiqarib yuboradilar ", - dedi Olmaota viloyat bolalar klinik shifoxonasi direktorining o‘rinbosari Asqar Kaliyev.
Uch kun davomida hushiga kelmagan Vasilina reanimasiyada vafot etdi. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, erta tashxis qo‘yish bolaning hayotini saqlab qolishi mumkin edi. Bu orada tez tibbiy yordam brigadasida kelgan tuman kasalxonasi shifokori bu voqeani birinchi marta eshitayotganini aytgan. U hatto qo‘ng‘iroqlar jurnalida bu hodisani qayd etmagan. "Bizning jamoamiz xizmat ko‘rsatgan. Hozircha men bu savolga javob bera olmayman, avval buni aniqlab olishimiz kerak. Tez yordam feldsherini chaqiramiz, u hozirda ta’tilda", - deydi tuman kasalxonasi direktori Dariga Sodiqova.
Qizning onasi aybdorlar jazolanishiga umid qilmoqda. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u hech qachon bolasi parasetamol tufayli vafot etadi deb o‘ylamagan. Ammo shifokorlar preparatning zararli tomonlari to‘g‘risida ogohlantirishlari shart edi.