Italiya bosh vaziri Jorja Meloni hukumati maktablarda migrantlarni integrasiya qilishga qaratilgan yangi qoidalarni tasdiqladi.
Yangi tartibga ko‘ra, bir sinfda italyan tilini yetarlicha yaxshi bilmaydigan o‘quvchilar soni 30 foizdan oshmasligi kerak. Bu, asosan, mamlakatga yaqinda kelgan xorijlik o‘quvchilarga taalluqli. Kvotani belgilashda bolaning Italiyada tug‘ilgani va italyan maktabida qancha vaqt o‘qigani ham hisobga olinadi.
Italyan tilini yetarlicha bilmaydigan o‘quvchilarning ota-onalari bepul til kurslarida qatnashishi shart bo‘ladi. Darslarga qatnashishdan bosh tortgan yoki belgilangan minimal darajaga erisha olmagan ota-onalarga 1000 yevrogacha jarima solinishi mumkin.
Meloni avvalroq bunday islohot zarurligini sinflarda italyan tilini tushunmaydigan o‘quvchilar soni ko‘paysa, integrasiya jarayoni qiyinlashishi bilan izohlagan edi.
Bundan tashqari, maktablarda yuzni to‘liq yopadigan islomiy bosh kiyimlar — jumladan, paranji va nikob taqishni taqiqlash rejalashtirilmoqda.
Italiya ta’lim vaziri burkani ayollarni kamsituvchi patriarxal qarashlar ramzi deb atagan va taqiqni «sivilizasiya masalasi» sifatida ta’riflagan.
Farzandini mazkur taqiq sababli maktabga yubormay qo‘ygan ota-onalarga nisbatan jinoiy javobgarlik, jumladan, qamoq jazosi va ota-onalik huquqidan mahrum qilish choralari qo‘llanishi mumkin.