O‘zbekiston "Rowing&Sanoe" federasiyasi sportchisi Xolmurodov Shohmuroddan musobaqa davrida olingan doping sinamasida sportda taqiqlangan "Klomifen" moddasi borligi aniqlangan.
Bu haqda Milliy antidoping agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
"Butunjahon antidoping kodeksining 2.1 qoidasi (Taqiqlangan modda yoki uning metabolitlari va markerlari spotrchi analizida mavjudligi)ni buzganligi sababli Butunjahon antidoping kodeksining 10.2.1 bandiga asosan sportchi 3 yil muddatga diskvalifikasiya qilindi.
Ma’lumot uchun aytib o‘tmoqchimiz, diskvalifikasiya jazo muddatini o‘tayotgan shaxs (sportchi, murabbiy v.x.k) diskvalifikasiya muddati tugaganga qadar xalqaro va milliy toifadagi musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etishi taqiqlanadi. Agar yuqoridagi talablar bajarilmagan taqdirda ushbu shaxsga umrbod diskvalifikasiya muddati qo‘llanilishi mumkin. Shuningdek, kodeksda sport federasiyasi yoki assosiasiyasiga nisbatan ham jazo chorasi qo‘llash mumkinligi belgilangan", deyiladi xabarda.
Ta’kidlash joiz, Shohmurod Xolmurodov o‘tgan yili Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida Nurislom To‘xtasin o‘g‘li bilan birgalikda bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.