Yaqinda internet tarmog‘ida Orol dengizining O‘zbekiston qismida yana suv ko‘paya boshlagani haqidagi surati paydo bo‘ldi. Ushbu rasmda Orol dengizining 2014 yilda yuqoridan olingan fotosurati bilan 2018 yilda olingan fotosurati solishtirilgan. Ushbu masala yuzasidan Anhor.uz sayti Orolni qutqarish Xalqaro Fondi direktori Vadim Soqolovdan intervyu oldi:
“Rostdan ham 2015 va 2017 yillarda suv ko‘proq bo‘ldi. Buning sababi, Qozog‘istondagi Ko‘korol to‘g‘oni suvni ushlab turolmadi, to‘g‘on suvini Sirdaryoga oqizib yuborishga majbur bo‘lishdi. Biz ham (O‘zbekiston tarafi) 2017 yilning iyun-avgust oylarining o‘zida Amudaryoga 6 kub km suvni oqizdik. Suv to‘g‘oni qurilishi yakuniga yetmagani sababli biz bunday chorani qo‘llashga majbur bo‘ldik, aks holda aholi yashash joylarini suv bosgan bo‘lardi.
Bu yil suv kamroq, Orol dengizining markaziga suv yetib bormaydi, uni yana qurishi kutilmoqda. Shuning uchun, Orolni tiklanishi haqida gapirishga hali erta. 2014 va 2018 yillarda olingan fotosuratlarning solishtirilishi bu Orolda minimal va maksimal suv bo‘lgan vaqtlarga to‘g‘ri kelgan. Qiziqarli jihati, 2019 yil aprel oyida qanday holat bo‘ladi noma’lum, balki 2014 yildagi kabi suv kam bo‘lar.”
Manba: azon.uz