Olmaliq kon-metalluogiya kombinatining Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida 99,85 foizli toza molibden metalli olinishiga muvaffaq bo‘lindi.
O‘tgan oy birlashmaning molibden-volfram ishlab chiqaruvchi pirrometallurgiya sexida yangi, yuqori haroratli kuydirish pechi foydalanishga topshirilgan edi. Ushbu molibden ishlab chiqarish bo‘yicha yuqori haroratli kuydirish pechining ishga tushirilishi natijasida birlashmada o‘ta sof holatdagi – 99,85 foizli molibden metalli olinishiga erishildi.
Ushbu sof holdagi molibden metallidan kislorod tarkibi 0,6 foizgacha tushirildi. Avval birlashmada 96,4 foizlik toza molibden 1 foiz tarkibli kislorod bilan ishlab chiqilgan. Birlashma mehnat jamoasining sa’y-harakatlari bilan bu ko‘rsatkich 99,85 foizga yetkazildi.
Mazkur sexning yillik quvvati 820 tonna molibden mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etadi. Yangi ishlab chiqarish quvvati esa yiliga 450 tonna o‘ta toza 99,85 foizli molibden metallini ishlab chiqaradi.
Ushbu o‘ta toza molibden metalli yupqa nano qatlamlar uchun metall nishonlari tayyorlashda, yarimo‘tkazgich sohasida ishlatiladigan detallar tayyorlashda keng qo‘llaniladi.