Bugun 8 iyun, 2025 yil, yakshanba

КИР

Oisha onamiz roziyallohu anho: «Bu pichoq bu yerda nima qilib turibdi?»

A A A
Oisha onamiz roziyallohu anho: «Bu pichoq bu yerda nima qilib turibdi?»

Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Tug‘ilgan bolalar uning huzuriga keltirilardi. Bas, ularga baraka tilab duo qilar edi. Bir go‘dak huzuriga keltirildi. Uning yostig‘ini qo‘ymoqchi bo‘ldi. Qarasa, boshi ostida pichoq turibdi. Bas, pichoq haqida so‘radi. “Jindan (saqlash uchun) qo‘yamiz”, deyishdi. U pichoqni olib, otib yubordi. Ularni bunday qilishdan qaytardi va:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shumlanishni yoqtirmas va yomon ko‘rar edilar”, dedi.

Oisha bundan qaytarar edi”.

Sharh: Ota-onalar farzandlariga duo umidida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari, mo‘minlarning onalari – Oisha roziyallohu anhoning huzurlariga ularni olib kelar ekanlar. Bir kuni u zotning huzurlariga bir go‘dakni olib keldilar.

Oisha onamiz roziyallohu anho go‘dakni qo‘llariga olib turib, boshini qo‘yish uchun yostig‘ini boshining ostiga tortgan edilar, yostiqning tagidan bir pichoq chiqdi.

Oisha onamiz roziyallohu anho: «Bu pichoq bu yerda nima qilib turibdi?» deb so‘radilar. «Bolalarning yostig‘ining tagiga jin-pin tegmasin, deb pichoq qo‘yib qo‘yamiz», deyishdi. Shunda Oisha onamiz roziyallohu anho pichoqni olib, tashqariga otib yubordilar va: «Ikkinchi bunday qilmanglar. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday shumlanishni yoqtirmas edilar, bundan achchiqlari chiqar edi», dedilar.

Roviy aytadilarki, Oisha onamiz roziyallohu anho bunday ishlardan nahiy qilar edilar.

Ushbu hadisi sharif shumlanib, jin tegmasin, pari tegmasin, ko‘z tegmasin, u qilmasin, bu qilmasin deb bolalarning beshigiga, yotadigan yostig‘ining ostiga, ko‘rpasiga, kiyimigami – har xil narsalarni osib, ilib, tikib qo‘yishning yaxshi emasligiga dalolat qilmoqda.

Bolalarni ana shunday narsalardan saqlash uchun ahli fazl kishilarning, ota-onalarning oyati karimalarni, duolarni o‘qib, dam solib borishlari eng maqbul yo‘l. Lekin xayolga kelgan har xil narsalarni qilaverish durust emas.

Kiritildi: 11:20 05.10.2018. O'qildi: 5992 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!