Obama AQSh rasmiylarini Immigrasiya va bojxona xizmati xatti-harakatlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi — Deutsche Welle.
AQShning sobiq prezidenti Barak Obama va sobiq birinchi xonim Mishel Obama Minneapolisda Immigrasiya va bojxona xizmati (ICE) agentlari tomonidan Aleks Prettining otib o‘ldirilishini “yurakni larzaga soluvchi fojia” deb baholadi. Ular X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan qo‘shma bayonotida mazkur hodisa har bir amerikalik uchun ogohlantiruvchi signal bo‘lishi kerakligini, chunki asosiy qadriyatlar tobora ko‘proq xavf ostida qolayotganini ta’kidladi.
Bayonotda so‘nggi haftalarda mamlakat bo‘ylab niqob taqqan ICE xodimlari va boshqa federal agentlarning jazolanmasdan harakat qilayotgani, qo‘rqitish va provokasiya usullaridan foydalanayotgani yuzasidan aholi orasida norozilik kuchayayotgani qayd etilgan. Obamalar juftligi bunday harakatlarni noqonuniy, shafqatsiz va kamsituvchi deb atagan.
Barak va Mishel Obama AQSh rasmiylarini vaziyatning yanada keskinlashishini oldini olishga hamda Minnesota shtati gubernatori Tim Uols, Minneapolis meri Jeykob Frey va mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yishga chaqirdi. Ularning fikricha, bu keyingi tartibsizliklarni bartaraf etish va qonuniylikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, Obamalar juftligi Minneapolis va AQShning boshqa shaharlarida o‘tayotgan tinch norozilik namoyishlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Qayd etilishicha, sobiq prezident Obama Donald Tramp va uning ma’muriyati harakatlari yuzasidan kamdan-kam hollarda fikr bildiradi. Biroq u ilgari ham AQSh shaharlariga qo‘shinlar kiritilishini tanqid qilib, buni mamlakatdagi “demokratik me’yorlarga putur yetkazish” deb atagan edi.