Nyu-Yorkda Nikolas Maduro va uning rafiqasiga qarshi ikkinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi — CNN.
Sud majlisi davomida prokurorlar Maduro va uning turmush o‘rtog‘ini “Venesuela boyliklarini talon-toroj qilishda” ayblab, suddan ularning sud xarajatlarini davlat hisobidan qoplashga ruxsat bermaslikni so‘ragan. Himoya tomoni esa sobiq prezident va uning rafiqasi advokat xizmatlarini o‘zlari to‘lay olmasligini, AQSh esa bu orqali ularning huquqlarini buzayotganini ta’kidlagan.
Ishni ko‘rayotgan federal sudya Elvin Xellershteyn bu masala bo‘yicha tez orada qaror chiqarishini aytgan, ammo faqat to‘lov muammosi sabab ishni to‘xtatmasligini ham bildirgan. Sudda Maduro AQSh hukumati uni “narkoterrorizm” bo‘yicha ayblovlardan himoyalanishiga to‘sqinlik qilayotganini aytib, ishni yopishni so‘ragan.
Joriy yilning 3 yanvar kuni Venesuela prezidenti Nikolas Maduro Karakasda amerikalik maxsus kuchlar tomonidan qo‘lga olindi va AQShga olib ketildi. Shundan so‘ng, prezident vazifasini ilgari vise-prezident lavozimida ishlagan Delsi Rodriges muvaqqat prezident sifatida faoliyat yuritmoqda va Vashington bilan aloqalar bir oz iliqlashdi.
Maduro to‘rtta og‘ir jinoyatda ayblanmoqda. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, narkoterrorizm terrorchilikni moliyalashtirish maqsadida narkotrafik bilan shug‘ullanishni anglatadi. Maduro barcha ayblovlarni rad etib, buni AQShning Venesueladagi boy neft zaxiralarini egallashga bo‘lgan urinishi va siyosiy bahonasi deb atamoqda.