Juda uzoq ikkilanishlardan so‘ng sentyabr oyi oxirida ochilishiga ruxsat berilgan Nyu-Yorkdagi davlat maktablari COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat keskinlashayotgani tufayli bugundan yana yopilmoqda.
“Biz kasallik aniqlanishi ko‘rsatkichi bo‘yicha 3 foizlik chegaraga yetdik. Afsuski, bu ehtiyot chorasi sifatida 19 noyabrdan maktablar yopilishini anglatadi”, deb yozdi mer Bill de Blasio chorshanba kuni.
Aslida, shunday bo‘lishi kutilgandi ham. Chunki hafta boshidanoq maktablarning yopilishi haqida mish-mishlar tarqalgandi. Taxminlarga ko‘ra, “vaqtincha yopilish” atigi bir hafta davom etadi. Lekin Nyu-York aholisi vaqtinchalik choralar doimiyga aylanib qolishiga ham ko‘nikib qolgan, deya kinoya qilishmoqda amerikalik jurnalistlar.
Umuman olganda, ushbu qaror mamlakatdagi eng katta maktab tizimiga ega bo‘lgan hududdagi 300 ming o‘quvchiga ta’sir qiladi. 700 ming o‘g‘il-qiz esa allaqachon masofadan o‘qiyapti.