Bugun 19 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Nuqta

Nuqta

Alloh taolo bu olamni hikmatlarga to‘la qilib yaratgan. Tafakkur qilgan odam istagan narsasidan ibrat olishi mumkin. Hatto biz ko‘pincha bee’tibor bo‘lgan nuqtadan ham.

Nuqta... Harf ham, raqam ham, surat ham emas u. Ammo shunday bo‘lsada uning bir o‘zi buyuk jumlalarga yakun yasay oladi. Usiz gaplar tamom bo‘lmaydi. Hech bir kitob usiz yozilmaydi. Ifoda etishga minglab so‘zlar ojiz bo‘lgan fikrlarimiz, his-tuyg‘ularimiz, o‘y-xayollarimiz atigi uch nuqtaga jo bo‘ladi...

Sonlar o‘lchamlar va miqdorlar olami bo‘lgan, fanlar otasi matematika ulkanlaridan tortib zarra qadar jismlarga ham o‘lchov-qiymat bera olgan. Ammo shu imkoniyatlarga ega bo‘lsada, biz bilgan nuqtaning qiymatini o‘lchay olmagan! Sonlardek miqdorga ega bo‘lmasada ulkan sonlarni bir ondayoq bor “bisot”idan ayira olgan!

Rassomlar nainki ko‘z bilan ko‘rib bo‘ladigan, balki biz ilg‘amas ajoyibotlarning, xayolotlarningda suratini chiza olganlar, chizmoqdalar ham. Hozirda bunday “ijod”ga texnikalar ham da’vogarlik qilmoqdalar. Xo‘sh, o‘sha san’at asarlari nimalardan tashkil topgan? Uning g‘ishtchalari nimalardan iborat? Ha, bu shubhasiz biz arzimas deb hisoblagan nuqtalar emasmi?

Dunyoda tillar ko‘p, ularning yozuvlari ham turfa. Buni qarangki, hech qanday tovush anglatmaydigan jimitdek bir nuqta deyarli barcha yozuvlarda o‘z o‘rniga ega. Dinimizning muqaddas kitobi Qur’oni Karim tillarning afzali bo‘lmish arab tilida nozil qilingan. Arab yozuvi boshqa yozuvlardan o‘ziga xos shakllari bilan ham ajralib turadi. Bu harflarga husn berib turgan yana o‘sha nuqtalardir! Bu nuqtalar Qur’oni karimda son jihatdan barcha harflardan ziyodadir.

Xo‘sh, nuqtaning bunchalik qadrlanishiga sabab ne? Qanday xislati uni bunday maqomga sazovor qilmoqda? Bunga yagona sabab shuki, nuqta boshqa harflar kabi amal talashmadi qomatini ko‘z-ko‘z qilmadi, sonlar kabi qiymatga ham o‘ch bo‘lmadi, tovushlar singari dunyoga jar ham solmadi, sukut saqladi, o‘z o‘rnini bildi. Mana shu kamtarlik, soddalik, tavozelik uni yo‘q bo‘lib ketishligiga yo‘l qo‘ymadi, boylikka o‘ch bo‘lganlar orasida ham o‘z qadri saqlanishiga yordam berdi. Bilasizmi, agar nuqta o‘zidagi shuncha hislatdan, o‘ziga berilgan cheksiz e’tibordan kibr-havoga berilsa, o‘z shaklidan yanada kattaroq ko‘rinishga intilsa nima bo‘ladi? Siz bundaylarni ko‘p ko‘rgansiz albatta. Nuqta o‘zidan ketib, manmansirasa, boshqalarda kuchli va katta ko‘rinishga ega bo‘lishni istasa va bunga erishsa endi u nuqta emas... Endi u hamma yomon ko‘radigan, undan qochadigan, ko‘rganda darrov qutulishni xohlaydigan, ko‘ngilni hijil qiladigan, go‘zallikni barbod qiladigan xunuk bir dog‘ga aylanadi qoladi! Qandayin yomon holat bu?!

Maqsadimiz shuki, hayot atalmish sahifada nuqta bo‘ling! Kichik ammo muhim. Unutmangki, nuqta bo‘lishga intiling-u kibrga aslo yaqin yo‘lamang. Yo‘qsa, insoniyat kitobida o‘chmas dog‘ bo‘lib qolasiz...

Manba:azon.uz

Kiritildi: 06:46 16.09.2018. O'qildi: 5578 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!