Norvegiya qiroli Harald V kam uchraydigan qon kasalligi tufayli Oslo shahridagi Milliy shifoxonada 89 yoshida vafot etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Norvegiya hukumati bayonotiga tayanib.
Harald V 35 yil davomida taxtni boshqardi va qirollik oilasini modernizasiya qilish hamda uning yanada ochiq bo‘lishiga hissa qo‘shgan mashhur monarx sifatida yodda qoldi. Shuningdek, u XIV asrdan beri Norvegiya hududida tug‘ilgan birinchi qirol bo‘ldi.
U 1937 yil 21 fevralda tug‘ilgan. 1957 yilda valiahd shahzodaga aylandi, 1991 yil yanvar oyida esa otasi Olav V vafotidan so‘ng taxtga o‘tirdi.
Qirol o‘zining xalqqa yaqinligi va sportdagi yutuqlari bilan tanilgan edi. U yelkanli sport bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarida uch marta Norvegiya sharafini himoya qilgan.
1968 yilda Harald tadbirkorning qizi Sonya Haraldsenga uylandi. Bu nikoh qirollik an’analaridan chekinish bo‘lib, keyinchalik Norvegiya monarxiyasining zamonaviyroq va ochiq qiyofasini shakllantirishga xizmat qildi.
So‘nggi yillarda qirolning salomatligi yomonlashib, 2024 yil aprel oyidan boshlab ommaviy tadbirlardagi ishtirokini sezilarli darajada kamaytirgan edi. 2026 yil 17 avgustda Harald shifoxonaga yotqizildi, shundan so‘ng uning o‘g‘li Xokon vaqtinchalik regent vazifasini bajardi.
Harald V vafotidan keyin Norvegiya taxti uning yagona o‘g‘li Xokonga o‘tadi. Marhum qirolning ortidan rafiqasi qirolicha Sonya, qizi Marta Luiza, o‘g‘li Xokon va olti nafar nabirasi qoldi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Norvegiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yil 10 iyunda o‘rnatilgan. O‘tgan yilning 15 may kuni O‘zbekistonning Norvegiyadagi elchisi (qarorgohi Stokgolm shahrida) Rahmatulla Nurimbetov qirol Harald Vga ishonch yorliqlarini topshirgandi.