Bugun 24 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

Nohaq ayblangan sobiq IIB boshlig‘i o‘n ikki yildan so‘ng oqlandi

Nohaq ayblangan sobiq IIB boshlig‘i o‘n ikki yildan so‘ng oqlandi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan sudlar oldiga adolatni qaror toptirish, har bir ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarish vazifasi qo‘yilgani bejiz emas. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik hukmron bo‘lishi kerak.

Oltiariq tumanida yashovchi, muqaddam nohaq ayblangan Akramjon Botirov ham davlatimiz rahbarining ana shu ezgu tashabbusi tufayli oq­lanib, yuzi yorug‘ bo‘ldi.

Gap shundaki, A. Botirov 2004 yil 24 maydan Marg‘ilon shahar IIB boshlig‘i, 2006 yil 11 dekabrdan 2007 yil 27 dekabrgacha Farg‘ona shahar IIB boshlig‘i lavozimida fao­liyat­ yuritgan. O‘sha paytda unga nisbatan bir qator nohaq ayblovlar e’lon qi­lingan.

Xususan, A. Botirov Mar­g‘i­lon shahar IIB boshlig‘i vazifasida ishlagan paytda — 2005 yil 19 mart kuni fuqarolar I. Madaminov va J. Ahmadaliyev (ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘rtasida yuz bergan janjalni tinchitib, ro‘yxatga qo‘ydirmaslik evaziga tanishi No‘’­mon Ziyoyev or­qali M. Aripovdan 300 AQSh dollari miqdorida pora olganlikda ayblangan.

Shuningdek, A. Botirov 2005 yil 25 dekabr kuni sha­har­dagi «Dilpazir» qahva­xo­­­na­si­­­da sodir etilgan o‘g‘irlik bo‘­yicha murojaat qilgan M. Alimovning arizasini ro‘y­xat­ga oldirmasdan uning qo­nun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zarar yetkazgan, deb topilgan.

Bundan tashqari A. Botirov 2006 yil 25 avgust kuni Farg‘ona shahridagi «777» mehmonxonasi oldida fuqarolar M. Aripov va D. To‘xtasinov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan janjalni Farg‘ona shahar IIBda ish­­lovchi tanishlari orqali ro‘yxatga qo‘ydirmaslik evaziga yana N. Ziyoyev orqali M. Aripovdan 1 000 dollarni pora tariqasida olgan emish.

Qolaversa, Akramjon Botirovga Farg‘ona shahar IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan davriga oid ayblovlar ham qo‘yilgan. Jumladan, boshqarma boshlig‘i go‘yoki 2007 yil 25 oktyabr kuni «Ichki ishlar or­ganlari xodimlari kuni» munosabati bilan fuqaro B. Umarov orqali tadbirkor SH. Ismoilovdan 500 dollarni bayram puli tariqasida olib, mul­kiy naf ko‘rgan ekan.

Oqibatda A. Botirovga nisbatan Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shu bois, u jinoyat ishlari bo‘yicha Far­g‘ona vi­loyat­ sudining 2008 yil 11 apreldagi hukmiga muvofiq Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi «v» bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi «v» bandi, 210-moddasi (pora olish) 3-qismi «b» bandi bilan aybdor deb topilib, kodeksning 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida jazolarni qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil ichki ishlar idoralarida ishlash huquqi­dan mahrum qilingan holda 10 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Oliy Majlis Senatining 2007 yil 30 noyabrdagi «O‘z­bekiston Respublikasi Kons­titusiyasi qabul qilinganligining o‘n besh yilligi munosabati bilan am­nis­tiya to‘g‘­risida»gi qaroriga binoan, tayinlangan jazo to‘rtdan bir qismiga qisqartirilgan. Sudning 2008 yil 20 maydagi apellyasiya ajrimiga muvofiq esa, hukm o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Albatta, tilga olingan tafsilotlar ayblov xulosasi va sud hukmida aksini topgan ho­lat. Biroq oradan yillar o‘t­sa-da, A. Botirov o‘ziga qo‘yilgan ayblovga baribir toqat qilolmadi. Natijada nohaq sudlanganini ma’lum qilib, himoyachisi Burhonjon Mamajonov bilan birga Oliy sudga murojaat etdi.

Jinoyat ishidagi har bir ho­lat Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’a­ti tomonidan o‘rganib chiqilganda esa, sobiq podpolkovnikni ayblashda Jinoyat-prosessual kodeksi hamda Oliy sud Plenumining tegishli qarori talablari buzilgani o‘z tasdig‘ini topdi.

Shuning uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining 2008 yil 20 maydagi apellyasiya ajrimi bekor qi­linib, ish yangidan ko‘rish uchun shu instansiyaga yuborildi.

Apellyasiya sudi jarayonida fuqaro M. Aripov 2005 yil 19 mart kuni yuz bergan janjalda ishtirok etmagani, o‘sha ku­ni A. Botirov bilan ham uchrashmagani, tergov hibsxonasida jismoniy tazyiqlar ostida unga qar­shi ariza va ko‘r­sat­malar yozdirib olishganini bildirdi.

Shuningdek, No‘’monjon Ziyo­ev­ ham M. Aripovning so‘zlarini tasdiqlab, tergov hibsxonasida jismoniy tazyiqlar ostida Akramjon Botirovga qarshi ko‘rsatmalar yozib berganini ma’lum qildi.

Guvoh I. Madaminov esa, 2005 yil 19 mart kuni tanishi J. Ah­­madaliyev bilan janjallashib qolgani, ammo biron-bir jarohat olmaganligi sababli IIBga ariza bilan murojaat qilmaganligini tasdiqladi.

Bu borada yana shunga e’tibor qaratish kerakki, M. Aripov tergov va birinchi bos­qich sudi jarayonida turlicha ko‘r­satmalar bergan. Lekin sud tomonidan uning qay bir ko‘rsatmasi ishonch­ga sazovorligi tekshirilib, asoslantirilmagan. Bunday ho­latda esa, shaxsni jinoyat sodir etganlikda ayblab bo‘lmaydi.

A. Botirovning tadbirkor SH. Ismoilovdan 500 dollar olganligi borasida fuqaro B. Umarov tergov va sudda turli xil ko‘rsatmalar bergan. Xususan, B. Umarov bayram puli tariqasida 500 dollar bermoqchi bo‘lganida A. Botirov pulni olmay, o‘zini koyib ber­ganini bildirgan. Ammo sud SH. Ismoi­lov va B. Umarovning ko‘rsatmalari o‘rtasidagi qa­rama-qarshilikni ularni yuzlashtirish orqali bartaraf etmagan.

Taajjublanarli tomoni shundaki, o‘sha paytda birinchi bos­­qich­ sudi Jinoyat-prosessual kodeksining 22-moddasi (haqiqatni aniqlash) dagi «Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shu­ning­dek, u bilan bog‘liq barcha ho­lat­larni aniqlashi shart. Ish bo‘­yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerak. Ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qi­ladigan, ham oqlaydigan, shuningdek, uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham og‘irlashtiradigan holatlar aniqlanishi va hi­sobga olinishi lozim» degan talablarga rioya etmagan.

Jinoyat-prosessual kodeksining 23-moddasi (aybsizlik prezumpsiyasi) da gumon qi­linuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qo­nun­da nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanishi belgilangan. Gumon qi­li­nuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas.

Aybdorlikka oid barcha shub­halar, basharti, ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qi­linuvchi, ayb­lanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘l­lanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.

Ana shu asoslarga tayangan apellyasiya instansiyasi o‘zining 2020 yil 11 sentyabrdagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining 2008 yil 11 apreldagi hukmini bekor qi­lib, A. Botirovni aybsiz deb topdi va oqladi.

— Otam xiz­mat ko‘rsatgan o‘qituvchi va xalq ta’limi a’­lochisi edi. Shu bois, biz farzandlarini ham halollikka undagan holda tarbiya­lagan. Men ana shunday pokdomon insonning farzandi bo‘la turib, poraxo‘r­lik yoki tamagirlikka qo‘l urishni tasavvur qilolmasdim. Oradan o‘n ikki yil o‘tib, sud adolatni yuzaga chiqardi, — deya o‘z mamnunligini izhor qil­di Akramjon aka biz bilan suhbatda.

Xullas, shu tariqa sobiq podpolkovnikning qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, quda-anda, ta­­nish-bilish va hamkasblari oldida yuzi yorug‘ bo‘ldi.

Zero, Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining samarasi shu emasmi?!

Kiritildi: 11:42 25.11.2020. O'qildi: 4169 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!