Armaniston bosh vaziri Yerevan metrosida uni Tog‘li Qorabog‘ni Ozarboyjonga berib yuborishda ayblagan ayol bilan bahslashib qoldi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, suhbat ayol Nikol Pashinyanni Tog‘li Qorabog‘ni yo‘qotishda ayblashi bilan boshlangan. Bosh vazir bunga javoban Armaniston hukumati odamlar Tog‘li Qorabog‘da yashab qolishi uchun “milliardlab mablag‘ sarflaganini” aytdi.
"Tog‘li Qorabog‘da yashashlaringiz uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qildik. 2023 yilda aynan sizlar meni odamlar bu hududdan Armanistonga ketib qolmasligi uchun chegaralarni yopishda aybladinglar. Endi esa bu yerga kelib, “biz ortga qaytishni xohlaymiz” deyapsizlar", — deya javob bergan Pashinyan.
Bir oz vaqt o‘tgach, Pashinyan ayoldan uzr so‘radi. U videoni e’lon qilib, Qorabog‘ mavzusida gapirganda hissiyotlarini jilovlay olmaganini bildirdi.
"Qorabog‘lik ayol va uning farzandidan uzr so‘rayman va ularni uchrashuvga taklif qilaman", — deb yozdi Armaniston bosh vaziri ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.