FIRIBGARNING O‘QDAN ASROVCHI TUMORI
Ayni kunlarda Nigeriyada jodugar va afsungarlar banditlar hisobiga yashamoqda, boyib ketmoqda. Ammo firibning baribir bir kunmas bir kun misi chiqadi.
Masalan, ilgari xabar berganimizdek, 26 yoshli firibgar jodugar dushman o‘qidan asrovchi tumor yasab uni banditlarga sotmoqchi bo‘lgandi. Ammo…

Xullas, Nigeriyaning Mayduguri shahrida yashovchi 26 yoshli jodugar Buba Saliki dunyoda faoliyati taqiqlangan «Boko xaram» terror guruhiga qarshi kurash olib borayotgan askarlarga o‘zining o‘sha dushman o‘qidan asrovchi tumorini ko‘z-ko‘z qilib, sotib olishga chaqirgandi. Askarlar hadeganda sotib olavermagach, tumorni bo‘yniga osdi-da, ulardan tumorni mo‘ljallab o‘q uzishni so‘radi.
— Bu tumor har qanday dushman o‘qini orqaga itqitib tashlaydi, — dedi jodugar. — Tumor sizni dushmandan himoya qiladi. Shu tumor sharofati bilan o‘zingiz o‘ldirishni xohlagan dushmanni birinchi bo‘lib ko‘rasiz. Xavf yaqinlashdimi, tumor o‘z-o‘zidan titray boshlaydi…
Aytishlaricha, Buba jodugarlikni bobosidan o‘rgangan. Oradan 20 yil o‘tgach, ilkis boyib keta boshlabdi. Har bir tumorini 150 dan 200 ming nayragacha pullarkan. Urushlar sokin tortgan paytlari u malyariya, tif va ko‘z xastaliklariga qarshi dori tayyorlab sotarkan. Achinarlisi, haligacha u tayyorlagan doridan bemor tuzalib ketmagan. Aksincha, o‘limi tezlashgani qolgan.
Yana shunisi ajablanarliki, Nigeriyaning aksar aholisi jodu kuchiga qattiq ishonadi. Hatto, ko‘zga ko‘ringan siyosatchilar muxolifatchilar xavfidan asrovchi tumorlar, tutatqilarga buyurtma berishadi. Tijoratchilar mijoz chaqiruvchi turli tumor va tutatqilarni sotib olishadi.
Jodugarlar tumordan tortib kukungacha tayyorlab sotishadi. Birovi go‘yo pul chaqiradigan tumor yasab boyvachchalarga pullasa, boshqasi odamni ko‘rinmas holatga keltiruvchi narsalar yasab, o‘g‘rilarning pulini tortib oladi.
Endi Bubaga qaytsak. Bu gal unga omad kulib boqmadi. Chunki askarlardan biri uning chaqirig‘iga javoban xuddi o‘sha tumorni mo‘ljalga olib bir necha marotaba o‘q uzdi. Baxtga qarshi, jodugarning o‘qdan asrovchi tumori hatto uning o‘zini ham asrab qola olmadi. Jodugar va firibgar xudoning g‘azabiga uchrab, o‘sha joyda halok bo‘ldi.
BAKASSI BANDITLARI
Bundan 20 yilcha oldin Nigeriyaning janubi-g‘arbidagi Bakassi shahrida «Bakassi banditlari» deb atalgan jinoiy guruh paydo bo‘ldi. Lekin guruhning jinoiy yo‘li butkul boshqacha edi. Boshqa banditlarga o‘xshab bu guruh a’zolari odamlarni tunamasdi, kuch ishlatish, qo‘rqitish yo‘li bilan birovdan pul undirmasdi, narkotik oldi-sotdisi bilan shug‘ullanmasdi. Guruhdagilar shahardagi jinoyatchilarga qarshi kurash olib borardi.

Mahalliy aholi shaharni deyarli egallab olgan jinoyatchilardan shu qadar bezgandiki, «Bakassi banditlari»ga bajonidil haq to‘lab, jinoyatchilardan xalos etishlarini so‘rardi. Chunki jinoyatchilarni polisiya ham bezovta qilmas, hoynahoy, ularning ham jinoyatchilar topadigan harom pulda ulushi bor edi. Ana endi qilajak ishi uchun tuzukkina pul olgan banditlar o‘sha jinoyatchilarning iziga tushardi. O‘g‘rilarni tutishsa, xuddi qadimda bo‘lgani kabi qo‘lini kesishar, qotillarni markaziy maydonga olib chiqib qatl etishardi. Qatl uchun sudning ham, prokuraturaning ham hojati yo‘q edi.
«Bakassi banditlari» ham joduga qattiq ishonardi. Har doim jodugarlarning go‘yo dushman o‘qidan, nazaridan asrovchi tumorini bo‘ynilariga osib yurishar, jinoyatchilarni tutishganda, oldindan sotib olingan, go‘yo har qanday odamni haq gapni aytishga majbur etuvchi tumorni ularning bo‘yniga osib qo‘yishardi.
JANGOVAR JODU
«Boko xaram» jangarilariga qarshi kurash olib boruvchi askarlar haqiqatan Buba Salikini qadrlashardi. Ular amerikalik jurnalist ayolga bergan intervyularida Saliki tayyorlab bergan tumorlar, tutatqilar, suyuqliklar juda katta foyda berishini boshni baland ko‘targan holda aytishardi. Emishki, bir kuni bo‘ynilariga tumor osib, kissalariga jodulangan kukun solib mashinada ketishayotganda, jangarilar mashinani o‘qqa tutgan. Mashina oynalari pachoqlangan, ammo askarlar tirik qolgan, bularning barchasi jodugar Salikining sharofati bilanmish.
2013 yili «Boko xaram» jangarilarining o‘zi ham Saliki jodusi bilan qiziqib qolishgan. Jangarilar naqd 10 million nayra pul berib, hammalari uchun Salikidan tumor, tutatqi, kukunlar sotib olishgan. Oradan ko‘p o‘tmay, jangarilar joylashgan lagerga mamlakat harbiylari hujum qildi. Jangarilarning hammasi qirib tashlandi. Mamlakat harbiylari murdalarni oralab yurib, ularning yonidan o‘sha jodulangan tumorlar, tutatqilarni topishdi.