Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Livan janubida hujumni kuchaytirish haqida buyruq berdi. Ayni paytda xorijiy matbuot Isroil armiyasi ushbu operasiya davomida jiddiy yo‘qotishlarga uchrayotganini yozmoqda.
Isroil tomonining bildirishicha, operasiyaning asosiy maqsadi «bosqin xavfini oldini olish va tankka qarshi raketa zarbalarini mamlakat chegarasidan uzoqlashtirish». Biroq, Military Watch Magazine nashriga ko‘ra, Isroil qo‘shinlari Livandagi quruqlik operasiyalari davomida jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Xususan, ularning Merkava tanklari yo‘qotishlari so‘nggi 40 yildagi eng yuqori darajaga chiqqan, zirhli texnika esa muntazam ravishda tankka qarshi raketalar va boshqa vositalar qo‘llaniladigan tuzoqlarga tushib qolmoqda.
Qayd etilishicha, qarshi tomon kichik va harakatchan guruhlar bilan tayyorgarlik ko‘rmoqda, ular oldindan pozisiyalar tayyorlaydi va kolonnalarga zarba berib, tezda chekinadi. Bu esa Isroil Qurolli kuchlarining hujum sur’atini sezilarli darajada sekinlashtirmoqda.
Qo‘shimcha ravishda, hududning murakkab geografik joylashuvi hamda zich qurilish sabab tanklar samaradorligi cheklanmoqda. Natijada Isroil qo‘shinlari ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga majbur bo‘lmoqda.