Xitoyning puldor fuqarolari Fors ko‘rfazi mamlakatlarida yashash yoki ofis ochishga urinishmoqda, deb yozmoqda Financial Times.
Gazetaning ta’kidlashicha, uzoq vaqt davomida Osiyoning boy insonlari uchun Singapur eng ommabop mamlakat bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ushbu tendensiya o‘zgardi.
Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, oxirgi yillarda Dubay yoki Abu-Dabiga ko‘chib o‘tishni istayotgan xitoyliklar soni oshgan. Bundan tashqari, Xitoy boylari fuqarolik olishni osonlashtirish imkonini beradigan oilaviy ofislar tashkil etishga harakat qilishmoqda.
BAA hukumatining ma’lum qilishicha, 2022 yilda xorij fuqarolariga qariyb 80 mingta “oltin viza” berilgan.
“Ko‘plab oilalar BAAga reinvestisiya qilish uchun Singapurdagi mulklarini sotishdi”, — dedi BAAdagi M/HQ kompaniyasi boshqaruvchisi Yan Mrazek.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va Singapurdagi qat’iy karantin choralari xitoyliklarning BAAga dastlabki qiziqishlariga sabab bo‘lgan.