“O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida iste’molchilar tomonidan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari kuzatilmoqda.
Aniqlanishicha, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida joylashgan “A.B.” MCHJga qarashli bog‘dorchilik xo‘jaligining quvvati 22,9 kVt bo‘lgan elektr qurilmalarini tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulab, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Shuningdek, aynan shu tumandagi “S.N.” MCHJga qarashli tosh maydalash kareriga elektr hisoblagichdan tashqari elektr qurilmasini ulab, elektr energiyasidan o‘g‘rincha ishlatilgan.
Har ikki holat tufayli tizimga 2,5 milliard so‘mdan ziyod zarar keltirilgan. Ayni paytda ushbu noqonuniy harakatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Yana bir noqonuniy holat Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi Avtomobillarga gaz to‘ldirish-kompressor shoxobchasi faoliyati bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, “M.G.” MCHJ rahbari S.R. ushbu AGTKShda o‘rnatilgan elektr hisoblagichning ulanish sxemasini o‘zgartirib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Ushbu qoidabuzarlik sababli elektr ta’minoti korxonasiga 2,1 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.
Hozirgi kunda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.