Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Navoiydagi Sentob qishlog‘iga rasman «turizm qishlog‘i» maqomi berildi

Navoiydagi Sentob qishlog‘iga rasman «turizm qishlog‘i» maqomi berildi

Navoiy viloyatining Nurota tumanida «Centob» turizm qishlog‘ining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Madaniyat va turizm vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligi mutasaddilari, Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev, Tojikistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Aziz Rahmonzoda hamda tuman faollari ishtirok etishdi.

«Viloyatimizda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirib kelinmoqda, xususan, Sentob qishlog‘ini «turizm qishlog‘i»ga aylantirish yo‘lida 200 ga yaqin ishsiz aholi, jumladan xotin-qizlar doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘ldi. Bugungi kunda qishloqda 30 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti mavjud. Sentob qishlog‘iga muntazam ravishda Angliya, Fransiya, Avstriya, Rossiya va boshqa davlatlardan xorijiy sayyohlar oqimi kuzatilmoqda», dedi tadbirni ochib bergan Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev.

Shuningdek, tadbirda Madaniyat va turizm vazirligi vakili Lola Rahmonboyeva so‘zga chiqib, davlat rahbari tomonidan turizm sohasiga qaratilayotgan e’tibor, sayyohlikni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar va turizm qishloqlarining soha rivojidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.

Vazirlik boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Lola Zakirlayeva turizm qishloqlarining soha rivojidagi o‘rni, ularda oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil qilish jarayoniga alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Madaniyat va turizm vazirligi hamda uning Navoiy viloyatidagi bo‘linmasi tashabbusi bilan Sentob qishlog‘ida bugunga kelib 20 ta oilaviy mehmon uyi va 3 ta hostel faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularga belgilangan standartlar asosida mehmon uylari nomi tushirilgan ko‘rsatkichlar o‘rnatildi. Ayni damda turizm qishlog‘ida 15 dan ortiq turistik xizmat yo‘lga qo‘yilgan», deydi u.

Turizm qishlog‘i ochilish marosimida, shuningdek, milliy qadriyat va an’analarimiz o‘z aksini topgan madaniyat va sport dasturlari ham namoyish etildi.

Bundan tashqari, qishloq ahli tomonidan Navro‘z bayramining asosiy taomi hisoblangan sumalak tayyorlandi.

Ta’kidlash joizki, turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida qishloqqa olib boruvchi 5 km ichki yo‘l ta’mirlandi. Shu bilan birga, tungi yoritish chiroqlari, ikkita piyodalar ko‘prigi, ikkita selfi hudud, uchta sanitariya-gigiyena shoxobchasi, “Sentob” qishlog‘ining ramziy kirish stellosi, turistik axborot markazi qurilib, foydalanishga shay holatga keltirildi. Oilaviy mehmon uylari va hostellarga belgilangan standartlar asosida ko‘rsatkichlar o‘rnatildi.

Ma’lumot uchun: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Prezidentning 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi”ning ijrosi yuzasidan Nurota tumani “Sentob” qishlog‘iga “turizm qishlog‘i” maqomi berilgan.

Kiritildi: 15:13 18.03.2023. O'qildi: 2696 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!