Bugun 6 oktyabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

Navoiyda YTH qurboni bo‘lgan 8 yoshli qizchaning onasi Toshkentga ishlagani ketgan, bobo va buvisi aylanib kelishiga ruxsat bergan...

Navoiyda YTH qurboni bo‘lgan 8 yoshli qizchaning onasi Toshkentga ishlagani ketgan, bobo va buvisi aylanib kelishiga ruxsat bergan...

2024 yilning 1 iyul kuni soat taxminan 18:50larda fuqaro N.A. o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “BYD SONG” rusumli, 85M100GA davlat raqam belgili avtomobilini Xatirchi tumani hududidan o‘tuvchi 4R48 avtomobil yo‘lidan “Zarafshon-Yangirabod” yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib borayotib, o‘zi bilan bir yo‘nalishda ketayotgan (o‘ziga oldindan tanish bo‘lmagan) fuqaro F.A. boshqaruvidagi “BYD SONG” rusumli 85Y600MA davlat raqam belgili avtomobil bilan bir-biridan quvib o‘tishga harakat qilib, o‘zaro quvishib, ushbu yo‘lning Xatirchi tuman tibbiyot texnikumi yonidan o‘tgan qismida, avtomobil yo‘lining 127-kilometrida, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lning o‘ng tomonidan chap tomoniga piyoda kesib o‘tayotgan, 2016 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan SH.SH.ni dastlab fuqaro N.A. boshquruvidagi avtomobil bilan turtib o‘tib, so‘ngra, fuqaro F.A. o‘z boshqaruvidagi avtomobil bilan urib-bosib o‘tib, yo‘l-transport hodisasini sodir etishgan.

Natijada, voyaga yetmagan SH.SH. mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida olgan tan jarohatlari sababli hodisa joyida vafot etgan.

Mazkur xolat yuzasidan 01.07.2024 yilda fuqarolar N.A. va F.A.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan 04.07.2024 yilda fuqarolar N.A. va F.A.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan ayblov e’lon qilinib, shu kuni Jinoyat Prosessual Kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan va 05.07.2024 yilda ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Haydovchi N.A. so‘nggi bir yil davomida 12 marotaba tezlikni oshirish, 1 marotaba yo‘l chizig‘i talablariga rioya qilmaslik qoidabuzarliklarini sodir etgan. Haydovchi F.A. esa so‘nggi bir yil davomida bir marotaba transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga topshirish qoidabuzarligini sodir etgan.

YTH natijasida vafot etgan voyaga yetmagan SH.SH. 2016 yilda Xatirchi tumanida tug‘ilgan. Tumandagi 14-sonli maktabning 2-sinf o‘quvchisi bo‘lgan. Onasi M.SH. “Yangirabod” MFYda yashovchi bobosinikiga bir kun oldin qizaloqni olib kelib, o‘zi Toshkent shahriga ishlash uchun ketgan.

Bobo hamda buvi 2010 yilda tug‘ilgan o‘g‘li, tumandagi 14-maktabning 7-sinf o‘quvchisi N.T. hamrohligida qizaloqni istirohat bog‘iga sayrga borib kelishiga ruxsat bergan.

Holatga ko‘ra, 2010 yilda tug‘ilgan N.T. avval o‘zi piyodalar o‘tish joyidan o‘tgan va biroz ortda qolgan, hali o‘tishga ulgurmagan qizaloqni chaqirgan. Qizaloq transport vositalarining harakatiga e’tibor bermasdan, piyodalar o‘tish joyiga yugurib chiqqan va ko‘ngilsiz hodisa sodir bo‘lgan.

Avtomobil yo‘li haqida

Xatirchi tumani “Yangirabod” MFY hududidan o‘tuvchi 4R48 "Zarafshon trakti" davlat ahamiyatiga ega yo‘l bo‘lib, ushbu yo‘lning 127-kilometrida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilgan va yo‘l yotiq chiziqlari chizilgan.

Yo‘l qoplamasi o‘sha vaqtda quruq holatda, kunning yorug‘ vaqti bo‘lgan. 1B-toifali 4 tasmali yo‘l bo‘lib, umumiy uzunligi 16 metrni tashkil qilib, yo‘l o‘qida qarama-qarshi bo‘laklarni ajratuvchi RP-40 to‘siqlar o‘rnatilgan. Bir tomon kengligi 8 metrni tashkil qilib, yo‘lning ikki tomonida piyodalar yo‘lagi va tungi yoritish chiroqlari mavjud.

Ushbu yo‘l Xatirchi tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi 239-yo‘l bo‘limiga tegishli va Avtoyo‘l tomonidan xizmat ko‘rsatiladi. Yo‘l harakati to‘g‘risidagi Qonunning 15–moddasida yo‘l egasining huquq va majburiyatlari ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra, yo‘l egasi yo‘llarda yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalari o‘rantilishini (montaj qilinishini) almashtirilishini, olib tashlanishini,ularga texnik xizmat ko‘rsatilishini va ular o‘z vaqtida ta’mirlanishini ta’minlashi kerak.

2023-yil dekabr oyida Navoiy muntazam yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan 4R48 “Zarafshon trakti” davlat ahamiyatiga ega avtomobil yo‘lining 127-133-kilometrlari oralig‘i to‘liq ta’mirlanib, 3-toifadan 1B-toifaga o‘zgartirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktyabrdagi PQ-330-son qaroriga asosan ushbu piyodalar o‘tish joyida Xatirchi tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan tugmali svetofor qurilmasini o‘rnatish dasturga 2024 yil 1-chorak yakuniga qadar kiritilgan bo‘lib, mablag‘ ajratilmaganligi sababli hozirgi kunga qadar o‘rnatilmagan.

Eng achinarlisi shundaki, Xatirchi tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi direktori nomiga Navoiy viloyati YHXB tomonidan joriy yilda 2 marotaba tugmali svetofor o‘rnatish yuzasidan taqdimnomalar kiritilgan. Taqdimnoma talablari bajarilmaganligi uchun Xatirchi tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbariga Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 196-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Kiritildi: 12:37 08.07.2024. O'qildi: 1276 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!