Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Navoiyda qotillik sodir etgan shaxs 22 yilga kesildi

Navoiyda qotillik sodir etgan shaxs 22 yilga kesildi

Joriy yilning 2019 yil noyabr oyining 7 kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudi binosida, ochiq sud majlisida, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 25,97-moddasi 2-qismining “a,j” bandlari va 97-moddasi 2-qismining “a,j” bandlari bilan N.Omonov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan)ga oid jinoyat ishi ko‘rildi.

N.Omonov 2019 yil 28 iyun kuni soat 07:35larda Karmana tumani “XXX” MFY Yangi tokchi ko‘chasi xxx-uyga borib, singlisi S.Omonovaning o‘z joniga qasd qilishida qaynonasi D.Jumayeva va uning oila a’zolarini ayblab, ularni qasddan o‘ldirish maqsadida, uni xonadon darvozaxonasida qarshi olgan A.Jumayevani o‘zi bilan olib borgan pichoq yordamida, onasi va singlisining ko‘z o‘ngida o‘ta shafqatsizlik bilan hayoti uchun muhim a’zosi hisoblangan ko‘krak sohasiga, chap ko‘krak orqa tomoniga, qorin bo‘shlig‘iga va chap qo‘l bilagiga bir martadan jami to‘rt marotaba urib, A.Jumayevaga chap qo‘l bilak sohasida kesilgan yara, ko‘krak va qorin bo‘shlig‘ida teshib kirgan jarohatlar ko‘rinishidagi hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgan.

A.Jumayevaga ko‘rsatilgan tez tibbiy yordam natijasida uning hayoti saqlab qolingan.

Shuningdek, N.Omonov jinoiy harakatlarini davom ettirib,  shu kuni hovli ichkarisiga qarab qochgan Z.Jumayevani quvib yetib, qo‘lidagi pichoq bilan onasi va tan jarohati olgan opasining ko‘z o‘ngida o‘ta shafqatsizlik bilan hayoti uchun muhim a’zosi hisoblangan chap qo‘ltig‘iga bir marta, bo‘yin sohasi va chap yelkasiga ikki martadan va ko‘krak sohasiga uch marta jami sakkiz marotaba urib tan jarohati yetkazgan, natijada Z.Juayeva Karmana tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Shundan so‘ng, N.Omonov jinoiy harakatlarini davom ettirib, uyning tandirxonasi tomonga qochgan D.Jumayevani ham quvib yetib, qo‘lidagi pichoq bilan farzandlari ko‘z o‘ngida o‘ta shafqatsizlik bilan hayoti uchun muhim a’zosi hisoblangan orqa chap kurak sohasi, qo‘ltiq sohasi, umurtqa sohasi chap tomoniga bir martadan va chap qo‘l yelkasiga ikki marta jami besh marotaba sanchgan vaqtida, mazkur pichoqning tig‘ qismi sinib, D.Jumayeva tanasining orqa umurtqa sohasi chap tomonida qolib ketgan, N.Omonov esa tan jarohati yetkazgan pichoqning dasta qismini olib, voqea joyidan yashiringan, olgan tan jarohatlari oqibatida D.Jumayeva voqea joyida vafot etgan.

Sudlanuvchi N.Omonov sudda, aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, singlisining vafotidan so‘ng shu ishlarni qilib qo‘yganligini, Jumayevlarlarning oila a’zolaridan kechirim so‘rashligini, qilmishidan pushaymonligini bildirib, yengillik berishni so‘radi.

Sudlanuvchi N.Omonovning sud hukmida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir qilganligi hodisa sodir bo‘lgan joyni, jabrlanuvchilarning murdasini, transport vositasini ko‘zdan kechirish bayonnomalari va fotosuratlari, narsa va buyumlarni olish to‘g‘risidagi bayonnomalar va fotosuratlar, respublika sud-tibbiy xulosasi, ekspertiza xulosalari, sud-psixiatriya ekspertizasining xulosasi, daliliy ashyolar, sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlari hamda tergov harakatlari tasvirga tushirilgan disklar hamda ishdagi boshqa dalillar bilan tasdiqlandi.

Sud hay’ati himoyachining N.Omonovning harakatlarini kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirganlikda O‘zbekiston Respublikasi JKning 98-moddasiga qayta kvalifikasiya qilish haqidagi vajlari bilan kelishmadi.

Odam o‘ldirish kuchli ruhiy hayajonlanish holatida sodir etilgan deb kvalifikasiya qilish uchun ikki jihat asos bo‘la oladi. Birinchidan, jabrlanuvchi tomonidan g‘ayriqonuniy zo‘rlik va og‘ir haqorat. Ikkinchidan, aybdor shaxs odam o‘ldirish paytida kuchli ruhiy hayajonlanish holatida bo‘lganligi. Ushbu vaziyatlardan biri mavjud bo‘lmaganda qotillik kuchli ruhiy hayajonlanish holatida sodir etilgan deb kvalifikasiya qilinmaydi.

Ruhiy hayajonlanishning to‘satdan yuzaga kelishi – affektning fiziologik xususiyatdir, bunda ruhiyatning xotirjam vaziyatdan jabrlanuvchining noqonuniy zo‘ravonligi yoki og‘ir haqorati yoxud huquqqa xilof boshqa harakatlariga javob tariqasida emosional portlashga o‘tiladi. Fiziologik affekt yuzaga kelishi bilan aybdorning jabrlanuvchi o‘limiga olib keluvchi harakatlari o‘rtasida amalda vaqt jihatdan uzilish bo‘lmasligi lozim.

Ishdagi hujjatlarga va sudda aniqlangan holatlar sudlanuvchi N.Omonov voqea vaqti kuchli ruhiy hayajonlanish holatida bo‘lmaganligini ko‘rsatdi.

Shuningdek, sudlanuvchi N.Omonov marhuma singlisi S.Omonovani o‘z joniga qasd qilishida qaynonasi va oila a’zolarini ayblab, 2019 yil 28 iyun kuni ularning yashash hovlisiga borib, o‘zi bilan olib borgan pichoq yordamida 3 nafar shaxsningning tanasini turli joylariga tan jarohatlari yetkazgan.

Mazkur voqea N.Omonovning singlisi S.Omonova vafot etganidan 3 kun o‘tgach, sodir bo‘lgan, shu sababli N.Omonovning fiziologik affekt yuzaga kelmagan.

Sud amaldagi Qonun va Plenum qarorlari ko‘rsatmalariga amal qilgan holda N.Omonovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 25,97-moddasi 2-qismining “a,j” bandlari va 97-moddasi 2-qismining “a,j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topib, JK 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 22 yil  muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

 

Abulqosim Ro‘ziqulov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Navoiy viloyat sudi raisi

Kiritildi: 11:41 23.12.2019. O'qildi: 3089 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!