Xalqimizda “Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi” degan maqol bor. Bu maqol bejizga aytilmagan. Halol yo‘l bilan topilgan mol-mulk ham barakali bo‘ladi, ham yurak xotirjam bo‘ladi.
Biroq halol mehnat qiyin va mashaqqatli bo‘lib, bunga amal qilmasdan oson yo‘l bilan daromad topishni orzu qilib, qilmishi jinoyat ko‘chasiga yetaklashini juda kech angab yetganlar ham yo‘q emas.
2020 yil iyul oyining 20 kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tuman sudida sudlanuvchi Bekzod Abdullayev (ism-sharif o‘zgartirilgan) va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
B.Abdullayev 2019 yil mart oylarida Navoiy shahridan avtomashina xarid qilib, puli yetmaganligi sababli qolgan pulini bir yil muddatga bo‘lib to‘lashga kelishadi. Hech qayerda ishlamagan B.Abdullayev pullarni o‘z vaqtida to‘lay olmaydi. Natijada, avtomashina egasi o‘z mulkini qaytib olib ketadi.
Shunda, B.Abdullayev oson yo‘l bilan pul topib, qarzini uzishga bel bog‘laydi. Taassufki, bu yo‘lda unga sherik ham tez topiladi.
B.Abdullayev 2020 yil 30 may kuni soat 2030larda o‘zining tanishi Abdullayev Miraziz bilan bir guruh bo‘lishib, oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, Nurota tumani “Qizilcha” MFY Qo‘shquduq qishlog‘i hududidagi yaylovlarda qarovsiz holda o‘tlab yurgan, Nurota tumani “Qizilcha” MFY, Qo‘shquduq qishlog‘ida yashovchi Kenjayev Shoxrux Berkinovichga tegishli bo‘lgan har birining bahosi 1.500.000 so‘mdan bo‘lgan jami 21.000.000 so‘mlik, 14 bosh mayda shoxli mollarni yashirin ravishda talon-toroj qilib, voqea joyidan yashirinishadi.
Sud Nurota tuman Yoshlar ittifoqi bu ikkala yoshlarning qilmishidan pushaymon ekanligini, boshqa jinoyat sodir etmasligiga kafillik berganligini inobatga olib, ish hujjatlarini atroflicha o‘rganib chiqib, dalillarga baho berib, sudlanuvchilarga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.
Oqibatki, ikki yoshning umri zavol bo‘lib, peshonasiga “o‘g‘ri” degan tamg‘a bosilib, ota-onalari esa shunday farzandni o‘stirganidan afsuslangani kishini dilini xira qiladi.
Norbibi Shodiyeva,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Navoiy viloyat sudi bosh mutaxassisi