Bugun 20 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Navoiyda 18 yoshga to‘lmagan qizning kirdikorlari

Navoiyda 18 yoshga to‘lmagan qizning kirdikorlari

Azaldan qiz farzand nafaqat oila, balki har bir millatning, elning, yurtning ori-g‘ururi sanalgan. Shu bois, qiz bolaning tarbiyasi nozik, alohida e’tibor va mas’uliyat talab qiladigan jarayondir. Ayniqsa, bugungi kunda qizlar tarbiyasi juda murakkab va og‘ir vaziyatlarga ro‘baro‘ kelayotgani hech kimga sir emas. Zamonning shiddat bilan o‘zgarib borayotgani, internet to‘lqinlari, g‘arb «saboq»lari ba’zi yoshlarni aql-zakovatga suyanib emas, balki hissiyotlarga, hoyu havaslarga berilib «ish» tutishiga sabab bo‘lmoqda.

Uyat o‘limdan og‘ir…

Bir donishmanddan «Hayotda o‘limdan ham og‘irroq yana nima bor?» — deya so‘rashganda, u «qiz bola keltirgan isnod», — deb javob bergan ekan. O‘ylanib qolasan, kishi, haqi­qatan ham, uyat, isnod yillar davomida yuvilmaydigan tavqi la’natdir. Isnod miqdor bilan o‘l­chanmaydi. Isnod — onalarning alamu iztirobdan bir kechada oqargan sochlari, otalarning bukilgan qaddi, akalarning oriyatdan egilgan boshlaridir. Hali ona suti og‘zidan ketmagan ba’zi erkatoy qizlarning tungi barlarda, chilimxonalarda tonggacha mast-alast, sarxush bo‘lib yurishi isnod emasmi?!

Jinoyat ko‘chasiga kirib, sudning qora kursisiga necha martalab o‘tirishdan uyalmaydigan voyaga yetmagan qizlarning kechirilmas qilmishi isnod emasmi?

Maftuna Sobirova 2001 yilda Karmana tumanida tug‘ilgan. Namangan shahridagi umumta’lim maktabida o‘qi­gan. U birinchi marta jinoyat sodir etganida o‘n yetti yoshda edi. O‘n yetti yosh… Ta’rifu tahsinlarga sig‘maydigan shunday go‘zal yoshlikni uvol qilgan bu qizning bosib o‘tgan yo‘llarida yaxshilik izi yo‘q. 2018 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha o‘ijduvon tuman sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan qo‘z­g‘atilgan jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 66-1-moddasi tartibida tomonlarning yarashganligi munosabati bilan tugatilgan edi.

Ammo bebosh qiz bu bag‘rikenglikdan to‘g‘ri xulosa chiqarib olmagani bor-yo‘g‘i, uch-to‘rt oydan so‘ng ma’lum bo‘l­di. ¤r­gangan ko‘ngil… yana o‘r­tandi…

Ikkinchi marta sodir etgan jinoyati uchun 2019 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi tomonidan Jinoyat­ kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan ko­deks­ning 57, 84-1-moddalari tartibida bir yil ozodlikni cheklash, Jinoyat kodeksining 62-moddasi tartibida 10 oy 29 kun ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Xalqimiz «Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi» deb bejizga aytmagan. Bu hikmat zamirida hayotga ochiq ko‘z bilan qarash, xatodan oqilona xulosa chiqarish va qilmishdan pushaymonlik kabi ma’nolar mujassam. Holbuki, ko‘zi ochiq, qalbida g‘ururu ori bor odam ha­misha xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqaradi, hayotda qayta qo­qilmaslikka harakat qiladi.

Ammo «qahramonimiz» ha­qi­da bunday deb bo‘lmaydi. Nega deganda, u sud tomonidan tegishli jazo tayinlangach, oradan atigi uch oy o‘tib, yana yangi jinoyat sodir etmagan, yana sudning qora kursisiga o‘tirmagan bo‘­lardi.

Qilmishlarining oqibatini o‘y­lab ko‘­rishni xohlamayotgan bu qizcha uchinchi marta o‘tgan yilning may oyida jinoyat­ ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi tomonidan Jinoyat kodeksining yuqorida qayd etilgan moddasi bilan 1 yil 6 oy ozodlikni cheklash, Jinoyat kodeksining 62-moddasi tartibida 1 yil 2 oy 12 kun ozodlikni cheklash jazosiga hukm etilgan, ammo jazoni oxirigacha o‘tamagan. Keyin esa, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan ayblangan va 2019 yilning 13 iyunidan «qa­moqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Kishan bo‘lgan tilla zanjirlar

Qisqasi, u jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilib, Namangan shahridagi uyi­ga qaytib kelgach, 26 may kuni otasi Ikrom Sobirov, akasi Akbar bilan Navoiy shahriga turmushga chiqqan opasinikiga mehmonga kelishadi. Ertasi ku­ni esa, Maftuna opasi Nasiba bilan bir­ga Navoiy shahridagi buyum bozoridagi «Adham gold» xususiy korxonasiga qarashli tilla taqinchoqlar do‘­koniga kirishadi. Opasi ta­qinchoqlarni ko‘zdan kechirayotgan paytda Maftuna do‘kon ras­tasi ustida turgan, ichida umumiy qiymati 164 700 000 so‘mlik tilla taqinchoqlari bo‘lgan qutini sezdirmay o‘g‘irlab, tash­qariga chiqadi. Ke­yin esa, u o‘g‘irlangan tilla taqinchoqlarni bozor tash­qari­sida, yo‘l yoqasidagi o‘tlar orasiga yashiradi-da, yana hech narsa ko‘r­magandek, iziga qaytib, do‘­konga kiradi. Opasi undan qayer­ga ketib qolding, deb so‘raganda, dollarni so‘mga almashtirib keldim, deya aldaydi.

Sotuvchi bilan opasi undan do‘kondan biror narsani olmadingmi, deb so‘rashganda, u yo‘q deb javob beradi. Shundan so‘ng u opasi bi­lan do‘­kondan chiqib, uyga qaytib keladi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, u hech kimga sezdirmay uy­dan chiqadi-da, tilla ta­qin­choq­larni yashirgan boyagi joyiga keladi. Tilla taqinchoqlarni olgach, opasining uyiga emas, balki Karmanadagi avtoshohbekatdan Toshkent shahriga yo‘l oladi. Oradan bir necha kun o‘tgach, Namangan shahriga qaytib kelib, o‘g‘irlangan mollarining bir qismini notanish kishilarga sotadi-da, o‘ziga sport kiyimi va «Ayfon» ru­sumli telefon apparati sotib oladi. Tilla taqinchoqlarning qolgan qismini esa, amakisining uyidagi gultuvakning ichiga yashirib qo‘yadi. Ammo Maftuna sodir etgan qilmishimni hech kim bilmaydi, deya chuchvarani xom sanagan edi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay amakisining uyida otasi Ikrom Sobirov, akasi Akbar va qa­rindosh­lari bilan o‘tirgan vaqtida ichki ishlar bo‘limi xodimlari kelib, uni avvaliga Namangan shahar ichki ishlar idorasiga, keyin esa, Navoiy shahriga olib ketishadi. Ustasi farang o‘g‘ri qizning o‘z aybini tan olishdan bosh­qa chorasi qolmaydi. U ichki ishlar xodimlariga bo‘l­gan voqeani aytib berib, aybiga iq­ror bo‘ladi. Biroq ayyorlikni qarangki, bu makkora qiz shunday payt­da ham, hiy­la ishlatib, muqarrar jazodan qutulib qolishga urinadi. Aniqroq ayt­ganda, u ichki ishlar xodimlarini Na­man­gan shahriga borsa, tilla taqinchoqlarni topib berishini ay­tib ishontiradi. Namangan shahriga kelgach esa, ichki ishlar idorasi xodimlarini aldab, qochib ketadi. Am­mo u tez orada qo‘lga olinadi.

Voya­ga yetmagan qizning egri yo‘l­da yurishdan, ozodlikdek buyuk ne’matdan ayrilishdan, guldek umrini xazon, kelajagini barbod qi­lishdan, ota-onasiga isnod keltirishdan qo‘rq­masligi har qanday kishini chuqur o‘yga toldiradi.

Sababsiz oqibat yo‘q…

Maftunaning qilmishlari haqida fikr yuritganda, bu jinoyatning ildizi qayerda, de­gan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Odatda, oilada ota, qolaversa, akalar o‘z singillarining tarbiyasiga hamisha hushyorlik bilan qarashadi.

Ularning ana shunday e’tibori, o‘rni kelganda qattiqqo‘lligi bois qizlar to‘g‘ri yo‘l­dan adashmaydi. Ammo Maftuna ne­ga otasi va akasi bo‘la turib, jinoyat ko‘chasiga bir necha marta qadam qo‘ydi? Uni nega o‘z vaqtida bu boshi berk ko‘chadan, xatarli yo‘llardan qaytarishmadi? Nega bu qora qilmishlardan hech kim xulosa chiqarmadi? Yoki ularning o‘z­lari ham bu «savdolar»ga she­­rikmi, degan savol ham tug‘iladi.

Sud materiallarida Maftunaning otasi I. Sobirov Zangiotadagi jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan turmush o‘rtog‘ini ko‘rish uchun borgani haqidagi fikrlarni o‘qib, kalavaning uchini topgandek bo‘ladi, kishi. Xal­qimiz­ning «Qush uyasida ko‘r­ganini qiladi» yoki «Onasini ko‘rib, qizini ol» degan ma­qollari ay­nan shu oila a’zolariga nisbatan aytilgandek tuyuladi. Onasi ji­noyat­chi bo‘lgan qizning farishta bo‘lishi dargumon, albatta. Ammo uni bu yo‘l­dan qaytarishga mas’ul odamlarning o‘zi tarbiyaga muhtoj ekan, mas’ul idoralar, mahalla fuqarolar yig‘ini qayoqqa qaragan? Bu qiz bir emas, bir necha marta bilib turib, jinoyat qilsa-yu, unga panja orasidan qarashda davom etsak… Sababsiz oqibat yo‘qligini unutib qo‘ysak?!.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi tomonidan Maftunaga jinoyatiga yarasha jazo tayinlandi. Unga nisbatan insonparvarlik, bag‘rikeng­lik tamoyillarini qo‘l­lash behudaligi, to‘r­tinchi marta jinoyat sodir etganini nazarga tutib, o‘tgan galgi o‘talmay qolgan jazosini qo‘shgan holda 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qi­lish jazosi tayinlandi.

Ta­yinlangan jazoni tarbiya koloniyasida o‘tash belgilab qo‘­yildi. Bolasining qilmishi uchun otasi ham tovon to‘­laydigan bo‘ldi. Hukmda I. Sobirovdan tilla taqinchoqlar do‘koni egasiga 88 million 800 ming so‘m undirilishi qayd etildi. Farzand tar­biya­siga loqayd qarash, uni butkul o‘z holiga tashlab qo‘­yish barcha kulfatlarning sababchisi ekani oddiy haqi­qat.

Otaning beparvoligi qi­­zining egri yo‘llardan jar yoqasiga kelib qolishiga sabab bo‘ldi. Qo‘llariga kishan bo‘lgan tilla zanjirlar o‘n sakkiz yoshli qiz­ga saboq bo‘l­dimikan? U eng gullagan yosh­lik chog‘ida to‘rt marta jinoyat­ sodir etganidan pushaymon va afsus chekarmikin? Buni, albatta, vaqt ko‘rsatadi.

Sherzod MAMIROV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Navoiy shahar sudining raisi,

Marusa HOSILOVA,

jurnalist

Kiritildi: 12:30 05.10.2020. O'qildi: 7058 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!