Namangan shahrida Gentra avtomobili va yuk mashinasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Namangan viloyati televideniyesi xabar berildi.
Qayd etilishicha, holat 2 oktyabr kuni soat 11:00 atrofida shaharning Marg‘ilon ko‘chasida sodir bo‘lgan. 5 nafar maktab va texnikum o‘quvchisi Gentra mashinasini ijaraga olib, katta tezlikda harakatlanib ketayotganida boshqaruvni yo‘qotib yo‘l o‘rtasidagi beton to‘siqdan oshib o‘tgan. So‘ngra yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib yuk mashinasiga urilgan.
YTH oqibatida Gentra haydovchisi bo‘lgan 17 yoshli o‘smir shifoxonaga olib borilayotganida vafot etgan.
Shuningdek, yana 3 nafar tengdoshi va 15 yoshli bola og‘ir jarohatlar bilan RSHTYOIM Namangan viloyati filiali jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Markaz shifokorining bildirishicha, bolalarning ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Ulardan birida klinik o‘lim holati kuzatilgan va ko‘rsatilgan tibbiy yordam tufayli hayoti saqlab qolingan. Hozirda o‘smirlarning barchasi koma holatida va sun’iy nafas olish apparatiga ulangan.
Voyaga yetmagan o‘quvchilarga mashina bergan ijarachi bilan bog‘liq ma’lumotlar hozircha ochiqlanmagan.