Majburiy ijro byurosi Yangiqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida soliq va bank tashkilotlari foydasiga bo‘lgan qarzdorliklarni undirish maqsadida umumiy qiymati 1,2 milliard so‘mga teng mol-mulklar auksion savdolariga chiqarildi.
Xususan, “Ne’mat Hamid Zokir” fermer xo‘jaligidan soliq organlari foydasiga 120 million so‘m miqdoridagi qarzdorlikni undirish bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rilmoqda. Mazkur qarzdorlik 25 ta ijro hujjati asosida shakllangan.
Qarzdorlikni undirish maqsadida fermer xo‘jaligiga tegishli bog‘ (er maydoni) xatlanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori talablariga muvofiq ravishda auksion savdolariga chiqarish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ushbu ijro harakatlari Majburiy ijro byurosi Yangiqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan belgilangan tartibda, qonun talablariga qat’iy rioya qilingan holda olib borilmoqda.
Ta’kidlanishicha, auksion savdolari ochiq va shaffof tarzda o‘tkazilib, barcha fuqarolar va tadbirkorlar ishtirok etishi mumkin.