Koronavirus pandemiya tufayli Rossiya fuqarolarining Xitoyga kirishi vaqtincha taqiqlandi.
«Epidemiologik vaziyat munosabati bilan amaldagi Xitoy vizalari hamda ishlashni, shaxsiy muammolarni hal qilishni va oilaning birlashishini ko‘zda tutuvchi yashash ruxsatnomalariga ega shaxslarning Xitoyga kirishi vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilamiz. Xitoyning Rossiya Federasiyasidagi elchixonasi (konsulligi) yuqorida tilga olingan shaxslarga «salomatlik to‘g‘risida murojaat»ni bermaydi», – deyiladi Xitoyning Moskvadagi elchixonasi tarqatgan bayonotda.
Shu bilan birga elchixona mazkur cheklov diplomatik va xizmat vizasi egalari hamda S toifali vizasi bor shaxslarga ta’sir qilmasligini bildirgan. Elchixonaning ta’kidlashicha, bu cheklov Xitoy tomonidan hozirgi epidemiologik vaziyatda aholi salomatligini saqlash maqsadida qabul qilingan majburiy qarordir.
Rossiyada so‘nggi kunlarda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat og‘irlashayotgani kuzatilmoqda – kuniga 19 mingdan ortiq kishida ushbu infeksiya aniqlanyapti. Hozirga qadar koronavirus bilan kasallanganlar soni 1 million 700 mingdan oshib ketdi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov vaziyat xavotirli, biroq nazoratda ekanligini ma’lum qildi.