Inson organizmi to‘laqonli ishlashi uchun har bir tana a’zosi yetarli miqdorda kislorod bilan ta’minlanishi kerak. Masalan, bosh miyaga bu muhim modda qon tomirlari orqali yetkaziladi. Chunonchi, qon tomirlari bilan bog‘liq kasalliklar miyada kislorod va foydali ozuqa moddalari yetishmasligiga olib kelishi mumkin.
Xo‘sh, miyada qon aylanishi yomonlashishining alomatlari qanday? Buning oldini olish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
Ushbu savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Ulug‘bek Asadullayev javob berdi.
— Bosh miyada qon aylanishining buzilishi alohida patologiya emas, — deydi mutaxassis. — Odatda bu holat boshqa kasalliklarning asorati sifatida paydo bo‘ladi. Uni keltirib chiqaruvchi asosiy omillar qatoriga bosh miyani qon bilan ta’minlovchi tomirlar aterosklerozi va arterial gipertenziya kiradi. Aterosklerozda qon tomir devorlarida aterosklerotik pilakchalar paydo bo‘lishi tufayli qon tomirlari o‘tkazuvchanligining yomonlashishi kuzatiladi.
Arterial gipertenziya, ya’ni yuqori qon bosimi esa tomirlarning shikastlanishiga olib keladi. Buning oqibatida ularning elastikligi yo‘qolib, yorilish xavfi oshadi.
Ko‘pincha miyada qon aylanishining surunkali buzilishi sekin rivojlanishi tufayli uning ilk alomatlarini ilg‘ash qiyin bo‘ladi. Aksariyat bemorlar ushbu holatda kuzatiladigan bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, parishonxotirlik, ish qobiliyatining pasayishi, holsizlik, uyqusizlik kabi simptomlarni stress, charchoq yoki yosh bilan bog‘liq o‘zgarishlar oqibatlari sifatida qabul qilib, bunga beparvolik bilan qaraydi.
‼️Vaholanki, bu holat jiddiy kasalliklar, shu jumladan insultga olib kelishi mumkin. Bu bemorda tananing bir tarafi to‘satdan falaj bo‘lib qolishi, ong, nutq yoki harakatlanishning buzilishi, kuchli bosh og‘rig‘i bilan namoyon bo‘ladi.
Miyada qon aylanishining buzilishini to‘g‘ri va samarali davolash uchun, eng avvalo, uning sababini aniqlash lozim. Buning uchun shifokor umumiy qon tahlili, koagulogramma, MRT yoki KT, bo‘yin va bosh miya qon tomirlari dopplerografiyasi, elektroensefalografiya (EEG), angiografiya kabi tekshiruvlardan o‘tishni so‘raydi.
Teshiruv natijalaridan kelib chiqib, vrach trombolitik terapiya hamda antikoagulyantlar, ya’ni qonni suyultiruvchi dorilar, qon bosimi, xolesterin va qondagi qand miqdorini me’yorlashtirishga qaratilgan preparatlarni tayinlashi mumkin. Og‘ir hollarda, xususan gemorragik insultda bemorda jarrohlik amaliyotini bajarish zarurati ham tug‘ilishi mumkin.
Miyada qon aylanishining buzilishini oldini olishda sog‘lom turmush tarzi muhim rol o‘ynaydi. Ya’ni inson ko‘proq meva-sabzavotlar, yog‘siz oqsillar va foydali yog‘larga boy bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilishi, vaznini nazorat qilishi, jismoniy faol bo‘lishi, zararli odatlardan voz kechishi kerak.
Shuningdek, qon tomirlaridagi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni davolash uchun muntazam profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tish tavsiya etiladi.