Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Muhammad Mursiy kim va u qanday qilib vafot etdi?

Muhammad Mursiy kim va u qanday qilib vafot etdi?

Misrning demokratik yo‘l bilan saylangan ilk prezidenti, 67 yoshli Muhammad Mursiy sud majlisi vaqtida hayotdan ko‘z yumdi. Uning o‘limidan so‘ng Muhammad Mursiy kim edi, nima sababdan qamalgan va qanday vafot etdi, degan mazmundagi savollar ko‘pchilikda paydo bo‘ldi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda Muhammad Mursiy faoliyatini oqlaganlar va qoralovchi tomon o‘rtasida qizg‘in bahslar ham bo‘lib o‘tdi. Xo‘sh, Muhammad Mursiy kim edi, qanday qilib hokimiyat tepasiga keldi va nima sababdan lavozimidan chetlashtirilib, qamoqqa olindi? Uning davlat rahbari sifatida yo‘l qo‘ygan xatolari nimalardan iborat edi? Shu haqda qisqacha ma’lumot berishga harakat qilamiz.

Muhammad Mursiy qariyb 30 yil prezidentlik qilgan Husni Muborak 2011 yilda bo‘lib o‘tgan keng ko‘lamli noroziliklar ortidan harbiylar aralashuvi bilan iste’foga chiqqanidan so‘ng, 2012 yilning iyun oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida 51,73 foiz ovoz to‘plab, mamlakat tarixida ilk bor demokratik yo‘l bilan prezident etib saylandi.

Muhammad Mursiy kim?

Muhammad Mursiy 1951 yilning 8 avgust kuni Misrning Nil daryosi deltasida joylashgan Sharkiya viloyati Heyva tumanidagi Adve qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi fermer, onasi esa uy bekasi, besh aka-ukaning kattasi bo‘lgan Muhammad Mursiy ilk tahsilini o‘z qishlog‘ida oldi. 1975-1978 yillarda Qohira universitetida muhandislik bo‘yicha tahsil oldi. 1982 yilda AQShning Shimoliy Kaliforniya universiteti magistraturasida o‘qidi. 1982-1985 yillarda Nortrijdagi Kaliforniya shtati universitetida yordamchi dosent sifatida faoliyat olib bordi. So‘ngra dars o‘tish uchun Misrdagi Zagazig universitetining muhandislik fakultetiga keldi va 2010 yilga qadar ushbu fakultetda dekan lavozimida ishladi.

Liviyaning Trablus universiteti, Qohira universiteti, Zagazig universiteti va Shimoliy Kaliforniya universitetlarida «Tuproqni mustahkamlash uchun yechimlar» mavzusida ilmiy izlanishlar olib bordi. Bir muddat AQSh Kosmik tadqiqotlar agentligi (NASA)da faoliyat olib borib, metallurgiya muhandisligi sohasida tajribalar o‘tkazdi va turli tadqiqotlarda ishtirok etdi.

Ilm-fan bilan shug‘ullanish bilan bir qatorda, g‘oyaviy tomondan yaqin deb Musulmon birodarlar harakati safida siyosat bilan ham shug‘ullandi. Musulmon birodarlar tashkiloti faoliyati taqiqlangani bois mustaqil siyosatchi sifatida saylovlarda ishtirok etib, g‘alaba qozondi va 2000-2005 yillarda Misr parlamentida faoliyat ko‘rsatdi. 2011 yilning 30 iyun kuni Musulmon birodarlar harakatining siyosiy qanoti hisoblangan Hurriyat va adolat partiyasi yetakchiligiga saylandi.

2012 yilgi Misr prezidentligiga saylovda Musulmon birodarlar nomzdi sifatida faol saylov kampaniyasini olib bordi. Ilk turda 25,5 foizlik ovoz to‘plab, ikkinchi turda qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi turda esa 51,73 foizlik ovoz bilan g‘alaba qozonib, Misrning beshinchi, demokratik yo‘l bilan saylangan birinchi prezidentiga aylandi.

Nima sababdan Mursiy hokimiyatdan chetlashtirildi?

Muhammad Mursiy aslida murakkab va chigal vaziyatda hokimiyat tepasiga kelgan edi. Misr nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki ko‘plab ijtimoiy muammolar girdobiga botgan, xalqning yashash sharoitlari og‘irlashgan, turli din va mazhab vakillari o‘rtasida kelishmovchilik avj olgan, mamlakatning turli hududlarida terroristik hurujlar sodir etilayotgan davr edi.

Xususan, Mursiy davrida Sinoda terroristik hurujlar soni ortdi, janubda qibtiy nasroniylari istiqomat qiladigan Asyut va Asuvan kabi viloyatlardagi otishmalar, odam o‘g‘irlash, jinoyatchiliklar holatlari ko‘paydi, 2013 yilning iyun oyida shia mazhabiga e’tiqod qiluvchi to‘rt misrlikning Giza shahrida aholi tomonidan o‘ldirilishi kabi holatlarga o‘z vaqtida barham berilmadi (bu kabi hodisalar Misrda hamon sodir bo‘lmoqda). Qolaversa, siyosiy doiralarda ham parchalanish, kelishmovchiliklar kuchli edi. Bu kuchlarning o‘zaro kelishuvga erishmagani, birgalikda mavjud muammolarni bartaraf etishga kirishilmagani ularning Mursiy hukumatiga qarshi harakatga kelishiga sabab bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, sekulyar muxolifat Mursiy hokimiyat tepasiga kelgan vaqtdanoq xalqni yangi davlat rahbariga qarshi qo‘zg‘ab, noroziliklarni avj oldirishni boshlab yuborgan edi. 370 kunlik prezidentlikdan so‘ng millionlab insonlar yana Qohira markazidagi Tahrir maydoniga to‘plandi. Vaziyatning chigallashib borayotganini ko‘rgan harbiylar Mursiyga muxolifat bilan til topishishi uchun 48 soat muhlat berdi. Orqada qaytishni istamagan Muhammad Mursiy 2013 yilning 3 iyul kuni o‘sha vaqtdagi mudofaa vaziri, hozirgi paytda mamlakat prezidenti bo‘lgan Abdulfattoh Sisiy tomonidan amalga oshirilgan harbiy davlat to‘ntarilishidan so‘ng hokimiyatdan chetlashtirildi.

Sud va qamoqdagi hayot

Davlat to‘ntarishi ortidan lavozimidan chetlashtirilgan va hibsga olingan sobiq prezident Muhammad Mursiy 2015 yilning 16 may kuni Falastinning «Hamas» islom harakati foydasiga josuslik qilish va qamoqdan qochishda aybdor deb topilib, o‘lim jazosiga hukm qilindi. Mursiydan tashqari, Musulmon birodarlar tashkilotining yana 17 nafar rahbari, shu jumladan tashkilot yetakchisi Muhammad Badiy hamda boshqa yuzlab tashkilot a’zolariga oliy jazo tayinlandi. O‘lim jazosi tayinlanganlar orasida Qatarda faoliyat olib borayotgan Butun duyon ulamolari ittifoqi raisi Yusuf Qardoviy ham bor.

Mursiy lavozimidan chetlashtirilganidan so‘ng unga nisbatan 6 ta turli da’volar qo‘zg‘atildi. Ushbu da’volarning to‘rttasi bo‘yicha hukm e’lon qilingan, 2 tasi bo‘yicha sud va tergov harakatlari davom ettirilayotgan edi.

Inson huquqlari bo‘yicha Human Rights Watch (HRW) xalqaro tashkiloti 2017 yilning 19 iyun kuni Muhammad Mursiyning qamoqxonadagi hayoti va oilasining qiyin ahvoli to‘g‘risida bayonotini e’lon qildi.

Bayonotda Misr rasmiylari noqonuniy ravishda Mursiyni oilasi va advokati bilan aloqada bo‘lishi va ularning Mursiy bilan ko‘rishishini taqiqlagani keltirib o‘tiladi. Shuningdek, Mursiy malakali tibbiy xizmatdan ham mahrum etilgani ma’lum qilindi.

Qamoqqa olinganidan 4 yil davomida ilk bor 2017 yilning 4 iyun kunida oilasi va advokati bilan ko‘rishishiga ruxsat beriladi. HRW faqatgina Mursiyning turmush o‘rtog‘i va qizi bilan 30 daqiqa ko‘rishishga izn berilgani, 4 o‘g‘li va boshqa qarindoshlari bilan uchrashish imkoni taqdim etilmaganini ma’lum qildi. Mursiyning advokatiga esa 2015 yilning yanvaridan buyon ilk marotaba 10 daqiqa suhbatlashish imkoni berilgan.

Shu bilan birga, sobiq prezident yakka holda saqlangan, unga telefonda suhbatlashish, gazeta o‘qish, televizor ko‘rish taqiqlangan. Mursiy oilasi tomonidan qamoqxonaga yegulik va dori-darmonlar kiritilishiga ham ruxsat berilmagan. Qamoqxona shifokori yoki hamshirasiga Mursiyning qon bosimi va qonidagi qand miqdorini o‘lchashdan boshqa davo choralari ko‘rilmagani, so‘nggi vaqtlarda salomatligi bilan bog‘liq jiddiy muammolari bo‘lgani va ozib ketgani xabar qilindi.

Uning oxirgi so‘zlaridan

Mursiy prezidentlik chog‘ida xalqqa murojaat qilar ekan, quyidagi so‘zlarni tilga olgan edi:

«Sizlarni, farzandlarimizni, bizdan keyin keluvchi avlodlarimizni qo‘riqlashni xohlayman. Qizlarimiz, kelajagimiz onalarini qo‘riqlashni xohlayman. Ular farzandlariga sizning bobolaringiz va ajdodlaringiz haqiqiy erkaklar edi, haqsizlik va yomon fikrlar qarshisida aslo bo‘yin egmadilar, vatani, haq-huquqlari va dinlaridan zarra qadar voz kechmadilar, deydilar».

Misr xalqining haq-huquqlarini muhofaza qilish uchun jonini fido etishini ta’kidlagan Mursiy shunday deb davom etadi:

«Bu haqlarimizning badali uchun mening qonim oqsa, men tayyorman. Vatan uchun jonimni osonlikcha beraman. Alloh har narsaga qodirdir. Hech kim sizni aldamasin, aslo tuzoqlarga tushmang».

Sanjar Said tayyorladi.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 18:49 21.06.2019. O'qildi: 4305 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!