Bugun 1 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

Mudhish jinoyat! Erkak xotini va o‘g‘lini o‘ldirib, chuqurga ko‘mib, so‘ng uyini yoqib yubordi

Mudhish jinoyat! Erkak xotini va o‘g‘lini o‘ldirib, chuqurga ko‘mib, so‘ng uyini yoqib yubordi

Ha, insoniyat intihoga yetib keldimiki, bu qadar vahshiyliklarning uddasidan chiqayotir degan o‘ylarga o‘rab tashlaguvchi hodisalar borki, hatto qog‘ozni titratadi.

Aka-ukalar murosasizligi, oila parokandaligiyu ayanchli oqibatlar, qondosh-jondoshlarning yoqa olishishlari…

Quyida keltirmoqchi bo‘lgan fojea jabrdiydalari, jabr yetkazgan ham ayni zamondoshlarimiz.

1985 yilda turmush qilgan Muhabbat bilan Arslonning oilasi notinch edi. Urush-janjal, borish-kelish, yarashish kabi holatlar hayot mezoniday. Achchiqlangan og‘izdan chiqqanlar esa ko‘ngil tubiga qo‘rg‘oshinday quyilib, uning poymonasini to‘ldirib borardi go‘yo. Oilaga baxt bo‘lib kirib kelayotgan farzandlar ham er-xotin murosasini o‘zgartira olmas, ota-ona janjallari, murosasizligi o‘ramida katta bo‘layotgan davomchilar esa albatta siniq, hayot saodatini his qilishga ojiz ulg‘ayib borardilar.

YARIM KO‘NGIL

Bundaylarni ham ko‘ngli yarimlar deyishadi. Otasi yoki onasi vafot etib ko‘ngli yarim bo‘lsaku qismatga itoat etmakdan o‘zga chora yo‘q. Ammo yuqoridagi zaylda ulg‘ayib alal-oqibat ota boshqa, ona boshqa yashab ketsa bolalar bag‘rilarini butun qilishni istar ekanlarda.

Narimon ikki qizdan keyin dunyoga kelgan yagona o‘g‘il. Ikki opasini tog‘asining uyidan uzatishganda dil-dili vayron bo‘lgan yigit endi bu holatdan uyalar, o‘rtoqlari, tengdoshlari o‘rtasida boshi qo‘yi yurishni aslo istamasdi. Shu bois ham yolg‘iz o‘zi yashashb, halovatsiz umr kechirib kelayotgan otasining oldiga tez-tez borar, uni onasi bilan yarashishga qistardi. Bu borada kattalardan ko‘mak so‘rardi hatto. Ha, u “farzandlik burchim”, degan maqsadiga erishdi. 12 yillik ayrolikdan so‘ng oila tiklandi. U onasi bilan ota uyiga qaytishdi. Bir qarashda hammasi risolaga tushdi, bu holdan mahalla-ko‘y ham “yaxshi ish bo‘libdi”, deya xursand bo‘lishgandi. Ammo…

MAJBURIYAT BO‘LSA-YU…

Mehr bo‘lmasa qiyin ekan. Er-xotin go‘yo ikki alamzada, ikki yo‘ldagi shaxslardek. Na maqsadlar birligi, na orzu, na farzandlar kamoli yo‘lidagi birlashuv bo‘lmadi. Narimonning bir dardi o‘n bo‘ldi. Ota-onaning orasida qozi bo‘lmoqlikdan og‘ir ish yo‘qligini bildi. Qilgan ishidan afsuslandi. Janjallar esa…

Arslon bo‘yini bo‘yidan baland qilib ba’zan o‘shqirib, ba’zan aql o‘rgatib yuboradigan Narimonni ham yoqtirmay borardi. Ammo u o‘g‘lining ichidan ezilishi, hovlining orqasiga o‘tib unsiz yig‘lab-yig‘lab olishini aslo his etmasdi. Go‘yo xotini, bolalari bir tarafu, Arslon o‘zi yolg‘iz bir taraf edi. Mana shu g‘alayon qalbiga yovuzlik urug‘ini tikib qo‘ygandi go‘yo. Oilada bo‘lib o‘tayotgan har bir mojaro esa ana shu urug‘ni nish urib bo‘y berishiga xizmat qilar, butun vujudini qoplab borardi. Ayoli, farzandlari (yaxshiyamki qizlar ahyon-ahyon kelishardi) bir bo‘lib unga qarshi isyon ko‘tarayotgan misoli o‘zini nochor sezardi. Buning chorasini esa bu uyda o‘zining hukmronligini ko‘rsatib qo‘yishda deb bilardi.

BIR QADAM

Shodu xurramlik bilan g‘am-g‘ussa, baxtiyorlik bilan badbaxtlikning orasida bir qadamlik masofa bor , deyishadi. Ana shu masofani ushlab turmoqlik esa har bir kishining o‘z qo‘lida.

Dilbandiga o‘z baxtini bog‘lagan ona misoli, inson kelajagiga o‘z kamolini bog‘laydi. Qarangki, birgina qadamni tutolmas darajada irodasizlik inson qismatini qanchalar o‘zgartirib yuboradi.

Arslon ana shu – bir qadamni ushlab turolmadi. Necha yillik turmush, oila, farzandlari haqqi-hurmati kunpayakun bo‘ldi. U hatto nabira ko‘rgan, bobo bo‘lgandi! Umrning qiziqqon bosqichidan o‘tib, ikkinchi yarim yilligi davriga, mulohazali, tajribali degan maqomga yetgan edi.

Qonga to‘lgan tun

Qalbini yovuzlik egallab bo‘lgan Arslon qarindoshining to‘yidan kechroq qaytarkan, shirin uyquda yotgan ahli oilasi, o‘g‘li va ayolining halovatini hazm qila olmadi. U kayf edi. Oshxonaga kirib, suv ichib chanqog‘ini bosganday bo‘ldi. Ammo bo‘g‘zidagi achchiq alamzadalik bosilmasdi. Go‘yo qora tun uni gijgijlardi. Paypaslab topgani pichog‘ini qo‘lida mahkam qisgancha o‘g‘lining xonasi tomon yurdi…

Qandaydir vahima, allaqanday tovushlardan cho‘chigan Muhabbat sapchib turib o‘zini o‘sha tomon urdi. O‘g‘lining ustiga tashlanib pichoq o‘ynatayotgan erining qo‘liga yopishdi. Bu holdan battar quturgan erkak pichoqni ayolining to‘g‘ri kelgan yeriga sanchib-sanchib olaverdi…

Yuz berayotgan fojeadan qonga to‘lgan bag‘ri xun bo‘lgan tun endi bundanda battar holatga ro‘baro‘ bo‘lishini aslo kutmagan bo‘lsa ne ajab.

Insonning qadr-qimmati o‘z yo‘liga, ammo mayitning xo‘rlanishiga na shariat, na tariqat chidaydi.

Arslon qilmishini yashirish ilinjida avval o‘g‘li, keyin ayolining jasadini sudrab molxonaga olib bordi. Go‘ng tashlash uchun mo‘ljallangan salkam bir metrlik chuqurlikdagi ahlatxona oldiga kelib hech bir ikkilanishsiz o‘liklarni tashladi va ustidan go‘ng-tuproq tortdi…

Shundan so‘ng avval kiyimini almashtirdi. Keyin uy, hovli-joy, qayerdaki qon izi bo‘lsa yuvib tozaladi.

Tong yorishib, qilgan ishini o‘zi bilan o‘zi bilan muhokama qilib o‘tirarkan, ichkari uydan chiqqan yig‘i tovushidan qo‘rqib ketdi. O‘zini o‘nglab ulgurmagandiki, xuddi aza ochgan yagona zot misol chinqirib, 3 yashar qizaloq, nabirasi ostonada yuz berdi. U to‘ydan uni erkalab, suyib, ko‘tarib kelgan buvisining oldida yo‘qligidan qo‘rqib ketgandi. Shunday qo‘rqqandi-ki, murg‘akkina ovozi butun hovlini tutardi.

Arslon beixtiyor o‘rnidan turdi. Sudralib borib nabirasini quchdi va yelkalari silkina-silkina unsiz faryod soldi. Go‘yo shu on g‘aflatdan uyg‘ongan, nimalar qilib qo‘yganini tasavvuriga sig‘dirolmayotgandek, tipirchilardi.

XUDBIN

Bu Arslonga shu tunda bitilgan tamg‘a edi. Nabirasini olib qizinikiga yo‘l olgan Arslon yo‘l-yo‘lakay qiziga tayinliroq so‘z topishga urinardi. Nabirasini bir-ikki kungami (odatda shunday qilardi) o‘zi bilan yurishga olib ketgan onasini so‘rasa nima deydi?

— Onang akang bilan Rossiyaga ketibdi!

— IYE, n…nega, bunday gap yo‘q ediyu?…

— E, men bilmadim!

Qizning ko‘ngliga sovuq gumon tushdi. Beixtiyor, “Alloh asrasin”, degan kalom tilidan uchdi. Uch kun o‘tgach birovga unday, birovga bunday “axborot” berib yurgan, xavotirda uyiga kelgan qizlarining oldida dovdiragan Arslonning chin ma’noda halovati yo‘qolgan edi. To‘rtinchi kunga o‘tar kechasi esa go‘yo o‘t ketdi qabilida butun uyiga kerosin sepib yoqib yubordiyu hech nima bo‘lmaganday ko‘chaga chiqib ketdi. Ammo Arslon bir narsani o‘ylamagandi. Yong‘in sodir bo‘lgan joy o‘rganilib, sabablari qidirilar ekan, kutilmaganda ko‘pchilikni gumonga qo‘ygan mudhish holat yuz ochdi! Chiqindi chuquridan chiqib kelgan yovuzlik qurbonlari yonmagandi!

XOTIMA

Umrining 60 yilini yashab o‘tgan Arslon Aminov Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan yigirma yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Hayot atalmish buyuk tuhfa in’omidan mosuvo yashab o‘tgan va alal oqibat ayanchli qismatga ro‘baro‘ bo‘lgan bir oila shu tarzda parokanda bo‘ldi. Inson qadri toptaldi. Afsus, nadomatlar esa ojiz…

Har ishning o‘z xotimasi bor va unga qarab yo rag‘bat, yo mukofot yoinki jazo muqarrar. Har bir ishdan esa tegishli xulosani ham olish mumkinki, bu kishilarni tavba deyishga, oilada tarbiyani, muhitni shakllantirishda nihoyatda xushyor bo‘lmoqlikka undaydi. Shu ma’noda jamiyatimizni bu kabi illat, jinoyat, alamzadalik va fosiqlikdan asrash muddaosi, mas’uliyati barchamizda birdek bo‘lmoqligini istardik. Zotan, yuqoridagi musibat kimningdir taqdirida takrorlanishini hech birimiz aslo-aslo istamaymiz!

Inson sha’ni ulug‘langan yurtda yasharkanmiz, daxlsizlikni asrash burchimizdir. Xolbuki, murodimiz kimningdir shaxsini qoralamoq emas, jamiyatda uchrab turgan yuqoridagi kabi qusurlarning oldini olishga hissa qo‘shishga, atrofimizga, mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shnilarimiz hayotiga befarq bo‘lmaslikka, yanada-yanada xushyorroq bo‘lishga sizni ham chaqirmoq, undamoqdir. Shu ma’noda yuqoridagi fojea sababchisi, jabrdiydalari nomlarini ham o‘zgartirib berishni ma’qul deb bildik.

Akrom ARIPOV,
Oliy sud bosh konsultanti

Kiritildi: 14:46 06.04.2022. O'qildi: 9114 marta. Fikrlar soni: 2 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!