Moldovada prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Bugun, 3 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 7:00 da mamlakatda 2,2 mingdan ortiq saylov uchastkasi ochildi, yana 231 tasi xorijda faoliyat yuritmoqda. Ovoz berish mahalliy vaqt bilan 21:00gacha davom etadi.
Amaldagi prezident Mayya Sandu va mamlakatning sobiq bosh prokurori Aleksandr Stoyanoglo prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichiga yo‘llanma oldi. Birinchi turda ovoz berish natijalariga ko‘ra, nomzodlarning hech biri 50 foizdan ko‘p ovoz olmagan. Birinchi turda Mayya Sandu 42,49%, janob Stoyanoglo 25,95% ovoz olgan.
20 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Moldovada prezidentlik saylovlari bilan bir kunda respublikaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Natijalarga ko‘ra, saylovchilarning 50,35 foizi Yevropa integrasiyasini yoqlagan bo‘lsa, 49,65 foizi qarshi chiqqan. 31 oktyabr kuni mamlakat Konstitusiyaviy sudi referendum natijalarini tasdiqladi. Muxolifat ovoz berish natijalarini tan olmaslik uchun apellyasiya berdi.