«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, ijro etilishi kerak bo‘lgan hujjatlar Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) organlarining davlat ijrochilari tomonidan amalga oshiriladi.
Ammo MIBdan xabar kelsa, uni e’tiborsiz qoldiradigan yoki shu idora xodimi uyiga kelsa, unga qarshi harakat qiladiganlar uchrab turadi. Vaholanki, davlat xizmatchisi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifani bajarayotgan bo‘ladi. Qolaversa, qarzdorlik o‘z vaqtida to‘lanishi darkor.
Qarzdorlik o‘z vaqtida to‘lanmagan holatlarda qonunga muvofiq, majburiy ijro harakatlari amalga oshiriladi. Bunda, ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun davlat ijrochisi tomonidan belgilangan muddatning o‘tganligi majburiy ijro choralarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.
Majburiy ijro etish choralari davomida undiruv qarzdorning pul mablag‘lariga va boshqa mol-mulkiga qaratiladi.
MIB axborot xizmatidan xabar berishlaricha, davlat ijrochilari ijroga qabul qilingan hujjatlarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlashga harakat qilmoqda. Chunki qarzdorlikni undirish jarayoni qarzdordan jabr ko‘rgan ikkinchi tomonning manfaatlarini ta’minlash bilan ham bog‘liq.
Byuroning Shayxontohur tumani bo‘limi ish yurituviga Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudining ijro varaqasi kelib tushgan. Unda qarzdor Sog‘liqni saqlash vazirligidan undiruvchi sobiq xodim X.A. foydasiga 100 million so‘m bir yo‘la beriladigan to‘lovlarni undirish belgilangan.
Ijro hujjati kelib tushgandan keyin ijro ishi qo‘zg‘atilib, tomonlarga yuborilgan. Qarzdor davlat tashkiloti tomonidan ixtiyoriy ravishda ish haqi qoplanmaganidan so‘ng majburiy ijro harakatlariga kirishilgan va sud qarorida belgilangan mablag‘ to‘liq undirilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor fuqaro A.T.dan undiruvchi fuqaro O.SH. foydasiga 100 million qarzni undirish bo‘yicha ijro harakatlari olib borildi.
Davlat ijrochisi tomonidan ijro hujjatini qo‘zg‘atish bo‘yicha qaror qabul qilinib, qarzdorga huquq va majburiyatlari to‘liq tushuntirilgan. Huquqiy targ‘ibotdan to‘g‘ri xulosa chiqargan qarzdor zimmasidagi majburiyatni bajardi.
Byuroning Mirobod tumani bo‘limi tomonidan Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining qaroriga asosan, qarzdor "Z.I.S." mas’uliyati cheklangan jamiyatidan davlat foydasiga 250 million so‘m undirish bo‘yicha ijro harakatlari olib borildi.
Qarzdor korxona qonun talablari asosida berilgan ixtiyoriy muddatda soliq qarzini qoplamagani uchun unga nisbatan majburiy ijro harakatlariga qo‘llanildi. Korxonaga tegishli bo‘lgan "Jentra" xatlanib, auksion savdolariga chiqarildi. Sotuvda tushgan mablag‘ soliq qarzini qoplash uchun davlat foydasiga yo‘naltiriladi.
Byuroning Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan yo‘l harakati xavfsizligi xizmati qarorlariga asosan qarzdor L.P.dan jami 50 ta ijro hujjati bo‘yicha 26 million 155 ming so‘m ma’muriy jarima undirishga oid ijro harakatlari amalga oshirildi.
Majburiy ijro harakatlari natijasida qarzdorga tegishli «Nexia-3» avtotransport vositasini xatlash jarayonida qarzdor tomonidan qarzdorliklar to‘liq to‘landi.