"Inter Mayami" hujumchisi Lionel Messi MLS doirasidagi "Filadelfiya Yunion"ga qarshi kechgan bahsda jarohati tufayli zaxiraga olindi.
38 yoshli futbolchi uchrashuvning 73-daqiqasida sonining orqa qismini ushlab, maydonni tark etdi. Taniqli jurnalist Gaston Edulning xabar berishicha, forvard noqulaylikni sezgach, xavfsizlik maqsadida zaxiraga so‘ralgan.
Yulduz argentinalikda jiddiy mushak jarohati yo‘q, biroq u Jahon chempionati oldidan sog‘lig‘i bilan tavakkal qilishni istamadi.
"Flamingolar" Luis Suaresning xet-trigi evaziga 6:4 hisobida g‘alaba qozonishdi. Messi esa o‘z hisobiga ikkita golli uzatma yozdirib qo‘ydi.
17 iyun kuni Argentina terma jamoasi JCH-2026 guruh bosqichining birinchi turida Jazoir bilan to‘qnash keladi.