Bugun 30 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

"Men Xudoman": Qozondagi maktabda bir nechta o‘quvchi va o‘qituvchini o‘ldirgan qotil haqida

"Men Xudoman": Qozondagi maktabda bir nechta o‘quvchi va o‘qituvchini o‘ldirgan qotil haqida

Rossiya tarkibiga kiruvchi Tatariston Respublikasi poytaxti — Qozon shahridagi 175-sonli gimnaziyaga 11 may kuni uyushtirilgan hujumda, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qqiz kishi halok bo‘ldi. Yana 20 dan ortiq odam jabrlandi, ularning sakkiz nafari og‘ir ahvolda. Yaralanganlarning 18 nafari — 15 yoshga ham to‘lmagan, ulardan olti nafari juda og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan. 13 jabrlanuvchi o‘rtacha og‘ir ahvolda. Hujum qilgan shaxs — 11 may kuni maktabga kirib, o‘t ochgan Ilnaz Galyaviyev — yakka tarzda harakat qilgan, ammo hujumdan keyingi dastlabki soatlarda bir yo‘la bir nechta nashr manbalari hujumda ikki kishi qatnashganini yozgandi. Keyinroq bu ma’lumot Tatariston rahbariyati tomonidan rasman inkor  qilindi. Bu haqda "Daryo" yozmoqda.

Baza ma’lumotlarga qaraganda, Galyaviyevning asosiy nishoni 8 «A» sinf bo‘ldi — halok bo‘lgan bolalarning ko‘pchiligi shu sinfda o‘qigan. Jabrlanganlar va halok bo‘lganlar orasida, dastlabki ma’lumotlar bo‘yicha, katta sinf o‘quvchilari yo‘q. O‘rta va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari jabrlangan, o‘ninchi sinf o‘quvchilari bu paytda harbiy mashg‘ulotlar uchun to‘plangan. Hujum chog‘ida 25 yoshli ingliz tili o‘qituvchisi Elvira Ignatyeva halok bo‘ldi. U beshinchi sinflarga dars o‘tayotgan edi, o‘q ovozini eshitib, sinf xonasidan chiqqan.

Ilnaz Galyaviyev 19 yoshda, u 175-sonli gimnaziya bitiruvchisi. Aprel oyida u darslarga kelmay qo‘ygach, kollejdan haydalgan. To‘rt yil avval Galyaviyev gimnaziyani bitirib, Qozondagi TISBI (Tatariston biznesga ko‘maklashish instituti) kollejiga o‘qishga kirgan. U yerda to‘rtinchi kursgacha o‘qigan, ammo 2021 yil aprelida akademik qarzdorlik tufayli o‘qishdan haydalgan. O‘qish vaqtida Galyaviyev o‘zini kursdoshlari va o‘qituvchilariga hurmat bilan munosabatda bo‘lgan «vazmin va nizoga bormaydigan talaba» sifatida ko‘rsatgan. Biroq 2020 yil yanvarida u o‘qishda ko‘rinmay qolgan, bir nechta imtihonlarga kelmagan, shundan keyin o‘qishdan haydalgan.

Galyaviyev yaqinda o‘zining «xudo» ekanini anglab yetgani va «barchadan nafratlanish»ni boshlaganini aytgan. 2021 yil mayida u Telegram-kanal ochib, «dunyoda jonzotlar qolmasligi kerakligi, bu borliqning xatosi ekani» haqida yozgan. Xuddi shu kanalda otishmadan bir necha soat avval u «juda katta miqdordagi biochiqindini yo‘q qilishi», shundan keyin o‘z joniga qasd qilishi haqida yozgan. Qo‘lga olinganidan keyin, birinchi so‘roq paytida Galyaviyev 2020 yil yozida o‘zida «maxluq uyg‘onishni boshlagani» va «hammadan yanada ko‘proq nafratlanishni» boshlaganini aytdi. Ikki oy avval esa Galyaviyev, o‘zining so‘zlariga ko‘ra, o‘zining «xudo» ekanini anglab yetgan va hatto bu haqda o‘z onasiga ham so‘zlab bergan. Ayni vaqtda uning otasi o‘g‘lining oxirgi vaqtlarda o‘zini odatiy tarzda tutgani, hech qanday salbiy fikrlar va kayfiyatlarni namoyon qilmaganini bildirdi.

Ilnaz Galyaviyev maktabga Hatsan ESCORT turk ov miltig‘i bilan keldi — 2018 yilda Kerch kollejida 20 kishini o‘ldirgan Vladislav Roslyakov ham xuddi shu miltiq bilan qurollangan edi. Galyaviyev qurol uchun ruxsatnomani 28 aprel kuni, maktabdagi otishmadan ikki haftacha avval olgan.

Ov miltig‘i Yoshkar-Ola shahrida (Mariy El Respublikasi poytaxti) sotib olingan, Mash hatto qurol do‘konidagi kuzatuv kamerasi kadrlarini ham keltirib o‘tdi. Galyaviyev qurolni qonuniy tarzda sotib olganini «Rosgvardiya» tasdiqladi. Otishmadan keyin bir necha soat ichida Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Rosgvardiya» rahbariga «otishma sodir etgan shaxs qo‘llagan qurol turini hisobga olgan holda» fuqarolarning foydalanishiga ruxsat berilgan qurol turlari haqida yangi nizom ishlab chiqishni topshirdi.

Galyaviyev qo‘lida qurol bilan hech qanday to‘siqsiz maktabgacha borgan. O‘quv muassasasida qo‘riqchilar bo‘lmagan, ammo xodimlar trevoga tugmasini bosishga ulgurgan. Kuzatuv kamerasidan olingan kadrlarga ko‘ra, yuzini qora niqob bilan to‘sib, qo‘lida ov miltig‘ini ushlab olgan Galyaviyev maktabga ochiqdan-ochiq kirib kelgan. Muassasada qo‘riqchilar bo‘lmagan: mahalliy «Sfinks Patrul» xususiy qo‘riqlov tashkiloti direktori Jaudat Xayrullin ma’lum qilishicha, maktab to‘lovni hadeb kechiktiravergan, korxona u bilan ishlamay qo‘yganidan keyin, so‘nggi bir necha yillardan buyon gimnaziya qo‘riqlanmay kelgan. Mash yozishicha, gimnaziya koronavirus pandemiyasi davrida, ushbu xizmat turi narxi oshib ketganidan so‘ng qo‘riqlov xizmatidan voz kechgan. Qozon meriyasi aniqlik kiritishicha, o‘quv muassasasi shtatida «qorovul ayol» bor, shuningdek, maktabda trevoga tugmasi o‘rnatilgan. Tatariston prezidenti ma’muriyatida ma’lum qilishlaricha, hujum chog‘ida binoga kirish qismida turgan ikki nafar maktab xodimi yaralangan, ammo trevoga tugmasini bosishga ulgurgan, shuningdek, hujumchiga «to‘sqinlik qilishni boshlagan». «Bu juda ko‘p hayotlarni saqlab qoldi», — dedi Tatariston prezidenti matbuot xizmati rahbari Liliya Galimova.

Keyinroq Rossiya Ta’lim vazirligi hududlarga maktab va bog‘chalarda xavfsizlik choralarini kuchaytirishni tavsiya qildi.

Kiritildi: 11:24 12.05.2021. O'qildi: 4597 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!