“Report”ning xabar berishicha , bu haqda Meksika sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida aytilgan.
"Sog‘liqni saqlash vazirligi Meksikada birinchi odamda qush grippi A (H5N1) aniqlangani haqida xabar berdi. Bu holat Durango shtatida yashovchi uch yoshli qiz bilan sodir bo‘lgan", - deya ta’kidladi departament.
Ularning qo‘shimcha qilishicha, odamlarda H5N1 grippi bilan kasallanish holati Diagnostika va epidemiologik nazorat instituti tomonidan 1 aprel kuni tasdiqlangan.
"Bemor dastlab oseltamivir bilan davolangan va hozirda Torreon shahridagi 3-darajali bo‘limda kasalxonaga yotqizilgan, uning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda", - deya qo‘shimcha qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Departament eslatganidek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti "umumiy aholi uchun ushbu virusni yuqtirish xavfi past, shuning uchun yaxshi pishirilgan tovuq yoki tuxumni iste’mol qilish inson salomatligi uchun xavf tug‘dirmaydi" deb hisoblaydi. "Hozirda virusning odamdan odamga uzatilishi haqida hech qanday dalil yo‘q", deya qo‘shimcha qildi Meksika Sog‘liqni saqlash vazirligi.