🍁Kuzda havo harorati pasayib, mavsumiy yuqumli kasalliklar uchun qulay muhit yuzaga keladi. Ayniqsa, bolalar organizmi bunday iqlimga ancha sezuvchan bo‘ladi. Oqibatda ular orasida nafas yo‘llari bilan bog‘liq virusli xastaliklarga chalinish ortadi.
📌 Shu sababli har bir ota-ona farzandlarini mavsumiy kasalliklardan himoyalashda yanada e’tiborli bo‘lishi talab etiladi.
❓Xo‘sh, bunda nimalarga ahamiyat berish kerak?
🔎 Ushbu savolga tibbiyot fanlari doktori, professor Furqat Shamsiyev batafsil javob berdi.
🍃 — Kuz-qish – gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalarning tarqalishi uchun qulay davr, — deydi mutaxassis. — Ayniqsa, bu paytda bolalar orasida nafas yo‘llarining turli yuqumli xastaliklari, xususan, O‘RVI ko‘p uchraydi.
⛈ Boisi yomg‘irli kunlar va salqin ob-havo sharoitida organizmning viruslarga qarshi kurashish qobiliyati pasayadi.
📎 Bunday mavsumiy infeksiyalarning oldini olishda ota-onalar, avvalo, farzandlariga shaxsiy gigiyena qoidalarini o‘rgatib borishlari lozim. Ayniqsa, bolalarda qo‘llarni muntazam sovun bilan yuvish yoki antiseptik vositalar yordamida tozalash odatini shakllantirish kerak. Chunki bu — viruslardan himoyalanishning eng muhim omili.
🪟 Shuningdek, yuzlarni qo‘l bilan ushlamaslik, xonalarni doimiy shamollatish, yo‘tal yoki aksa urganda og‘iz va burunni salfetka yoxud tirsak bilan yopish kerak.
🤧 Agar shamollash belgilari bo‘lsa, farzandlarni ta’lim muassasasiga yubormaslik maqsadga muvofiq.
➡️ Isitmasi yuqori bolaning tomog‘ini yod yoki zelyonka bilan artish ko‘p kuzatiladigan yanglish holat. Chunki kichik yoshli bemorning nafas yo‘li shilliq qavati juda nozik bo‘lib, virus tufayli yallig‘langan va shishgan bo‘ladi.
🔎 Agar yuqorida aytilgan surtmalar bilan ishlov berilsa, shilliq qavat jarohatlanib, shish yanada kattalashadi. Oqibatda laringit yoki boshqa asoratlar kuzatilishi xavfi bor.
🤒 Bolaning fibril tutqanog‘i bo‘lmasa, kasallik tufayli tana harorati 38°S-38,5°S darajadan past bo‘lganda isitmani tushirishga hojat yo‘q. Shundan ortsagina, dori berish mumkin.
‼️ Shuni yoddan tutish lozimki, tana haroratining 37°S bo‘lishi doim ham tana harorati ko‘tarilganini anglatmaydi. Bolaga takror-takror isitma tushiruvchi dori berish esa uning termoregulyasiya tizimi faoliyatiga salbiy ta’sir etishi mumkin.
😮💨 Bundan tashqari, allergik yo‘tal, astma, yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi bo‘lgan bolalar bor xonada isiriq tutatish mumkin emas. Sababi tutun tanada spazmni oshirib, yo‘talni yanada kuchaytiradi.
🍳 Shamollash va tana harorati ko‘tarilganda ko‘p suyuqlik ichish kasallikni tezroq yengishga yordam beradi. Qolaversa, bolani to‘g‘ri va rasional ovqatlantirish, jismoniy chiniqtirish va surunkali infeksiya o‘choqlarini bartaraf etish ham mavsumiy kasalliklarni oldini olishga ko‘maklashadi.
💊 Shuningdek, o‘g‘il-qizlarga qo‘shimcha D vitaminining suvli eritmasi (Akvadetrim), askorbin kislotasi, ruh (Sink) va selen moddalari, kamqonlikni davolash maqsadida temir preparatlari berilsa, tananing nafas yo‘llari kasalliklariga qarshi kurashish qobiliyati oshadi.
✔️Kuzda mavsumiy virusli kasalliklarga qarshi emlanish ham xastalikdan himoyalanishning samarali usuli hisoblanadi.